← Barcha maqolalar

Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni shuki, ibodat ma’rifat bilan birga…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni shuki, ibodat ma’rifat bilan birga tirikdir. Bu degani inson ibodat bilan bir qatorda uning mohiyati va zaruratini o‘rganib borishi, bilganlarini takrorlashi, orif insonlar suhbatidan bahra olishi kerak degani. Ma’rifat bu eng avval foydali ilm, balki Haqni tanish, odamlarni tushunish, sabrli bo‘lish, shukurni sevish, yaxshilikka intilish, yomonlikdan qochish, kamtarlik, xatolarni tan olish, kechirimli bo‘lish, mehr-muhabbatni lozim tutish demakdir. Bunday sifatlar Xudoni tanigan odamda kamolotga yetadi. Ma’rifat ustida paydo bo‘ladigan ibodat insonni ikki dunyoga oid maqsadlarga yetishi uchun vosita bo‘la oladi.
Demak, har bir oila o‘z bolalarini ma’rifatga oshno qilib, ibodatda sobit turadigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishlariga diqqat qaratmoqlari kerak. Unutmaslik darkorki, ma’rifatsiz ibodat jaholat; ibodatsiz ma’rifat yolg‘onchilikdir.
Ibodatlarni ado qilishdan avval ularni ko‘rsatilganidek bajarishni to‘g‘ri manbadan o‘rganmoq zarur. Buning uchun imomlardan yordam so‘rash kerak, astoydil so‘ralsa, hech kim bundan bo‘yin tovlamaydi.
Qonunda o‘n sakkiz yoshgacha diniy ta’lim olish yoki xususiy diniy ta’limni taqiqlash kabi bandlar yoki unga muayyan jazolar mavjud. Bunday bandlar, bunday jazolar ibodat va ma’rifatning uyg‘unlashuvi bo‘lmagani hamda insonlarning ibodatlariga, iymonlariga oid tuyg‘ularidan foydalanib, siyosiy maqsadlarga erishishga urinishlar bo‘lgani uchun majburan qonunga kiritilgan deb o‘ylaymiz. Lekin hech kim insonning Xudo bilan bo‘ladigan muloqotiga va unga oid ilmga talpinishi yo‘liga to‘siq bo‘lolmasligi ochiq haqiqatdir.
Ibodat ilmlari hosil etilgach, ularni o‘z vaqtida kechikmay bajarish kerak. Shuningdek, oilada turli duolarni yoddan ma’nolari bilan bilish, hamisha bu duolar bilan ishlarni boshlash ham tavsiya etiladi. Chunki duolar Xudoning izni bilan insonni turli kutilmagan musibatlardan qalqon kabi saqlaydi. Odam har bir qadamida ovoz chiqarmagan holda – shunisi afzal deyiladi – duo o‘qisa, har bir ishida Xudodan yordam so‘rasa, shayton va jinlarning yomonliklaridan omonda bo‘ladi.
Ota-onalar bolalariga ibodat o‘rgatarkanlar, bola ibodatdan bezib, uni majburiy va yoqimsiz ish deb tasavvur qilib qolishlaridan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Balki ibodatga chiroyli so‘z bilan chorlanadiki, bu ixtiyoriy, sevib bajariladigan amalga aylansin.
Ayrimlar yoshim ulg‘aysa, ibodat qilaman der ekan. Yoki yoshim katta bo‘lib qoldi, uyalaman der ekan. Yoki bolalari namoz o‘qiy boshlasa, do‘ppi kiyib qolsa, xavotirga tushib, qandaydir oqimlarga qo‘shilib qoldingmi der ekan.
Odam necha yoshga kirmasin, ibodat qilmay yurgan bo‘lsa, boshlasin, uyalmasin. Bolasi o‘z ixtiyori bilan qiziqayotgan bo‘lsa, bundan xursand bo‘lishi kerak, lekin qaysi manbalardan ilm o‘rganayotganligini tekshirish, mahalla yoki shahar imomlari bilan uchrashtirish, ruxsat asosida chiqqan kitoblarni olib berib, uni qo‘llab-quvvatlash oqil va bosiq odamlarning ishi sanaladi. Agar o‘zlari xorijiy davlatlarga qochib chiqib, keyin tirikchilik qilaman deya dinni siyosat vositasiga aylantirgan xoinlarni bolasi eshitayotgan bo‘lsa, buni ham qattiqqo‘llik yoki zulm bilan bostirish qiyin. Aksincha, ularning xato ekanligini tahdidlarsiz holda ma’rifat bilan anglatish yo‘lidan bormoq kerak. Zotan, har qanday ongsiz ergashish zamirida jaholat yotadi, jaholat zulmatini ilm quyoshi bilan yoritmoq lozim.
Ota-ona – ulug‘. Uning aqli ko‘p va tajribasi katta, shundan kelib chiqib, bolasiga baqirishi, uni zo‘rlik bilan nimadandir qaytarishi yoki undashi umuman yarashiqli ish emas. Bolasi bilan erkin va do‘stona ohangda, uni ezmasdan, boshini bukmasdan, shashtini sindirmasdan gaplashish kerak.
Har bir xonadonda, agar imkoniyat bo‘lsa, ibodat uchun alohida xona bo‘lishi maqsadga muvofiq va bu xona ibodatlar uchun nazr qilingach, uni boshqa maqsadda foydalanmaslik kerak. Shunda u xonada fayz va sakiynat paydo bo‘ladi.

Akrom MALIK