← Barcha maqolalar

Taomlarni aralashtirib yeb bo‘lmagani kabi bir-biriga ma’nosi zid bo‘lgan…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Taomlarni aralashtirib yeb bo‘lmagani kabi bir-biriga ma’nosi zid bo‘lgan narsalarni o‘qish, eshitish va ko‘rish ham qalb va xayolni chalg‘itib yuborishi tabiiydir.
Tanamiz jism bo‘lgani sababli undagi zahar tezda o‘zini ko‘rsatadi, lekin qalbimiz latif va ko‘zga ko‘rinmas bo‘lgani uchun zaharli ilm va foydasiz ma’lumot bizga daf’atan sezilmaydi, lekin shubha yo‘qki, bu narsalarning xuruji o‘zini ko‘p kuttirmaydi: tushkunlik, sababsiz g‘am, hasad, vasvasa, xavotir, dangasalik, zehnning pastligi, xayolni jamlay olmaslik, parishonxotirlik va bir qancha ma’naviy illatlar aynan ana shu og‘ularning natijasidir. Hatto bu og‘ular vujudga ta’sir ko‘rsatadi, chunki ruh vujudning har bir yerida joylashgan, ruhga tushgan zahar butun vujudni ezib yuboradi. Ruh bu zahardan qutula olmay, qafasdagi qush o‘zini panjaraga urgani kabi har tarafga uradi, shu chog‘da, inson tushkunlik va kayfiyatsizlikka mubtalo bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, bizning qalbimiz va aqlimiz uchun zaharli bo‘lgan har qanday so‘z va tasvirlardan parhez qilmog‘imiz shart.
Bu so‘zlarimizning hammasi ilmning ahamiyati va uning mohiyati, inson hayotidagi o‘rni haqida bo‘ldi, endi oilada qanday qilib ilmni yo‘lga qo‘yish haqida gaplashamiz.
Ilm ahllari jamiyatning umumiy miqdoriga nisbatan o‘ta kamdir. Afsuski, odamlar ilm ahllarini hech qachon munosib qadrlamagan, aksincha, ularga ozor va aziyat yetkazishadi. Shu sababli oilaning birinchi ishi – ilm ahllarini qadrlash va hurmatlashdir.
Ikkinchi ish, masalan, oyda bir marta ishonchli va amali go‘zal ilm ahlini uyga chaqirib, farzandlar bilan birgalikda undan ilm olishdir. Ustozdan bizning tarbiyamiz, aql-u farosatimiz uchun zarur, adab va insoniylikni o‘rgatadigan ilmlardan ulashing deb so‘raladi, ustoz uyga chaqiriladi, mehmon va ikrom qilinadi, so‘ng ota va farzandlar jamlanib o‘tiradilar, ustoz ularga biror soat kitob o‘qib beradi va savol-javoblar qiladi. Bu xizmati uchun ustozga yaxshigina hadya berish va yaxsh so‘zlar bilan ko‘nglini xursand qilish kerak bo‘ladi.
Uchinchi ish shuki, albatta, uyda kutubxona bo‘lishi lozim. Yaxshi va yangi kitoblardan sotib olish, o‘qish va hamda ustoz huzurida uni muhokama qilib, ma’nosini chaqish kerak.
Albatta, farzandlarning o‘qishlari, maktab darslariga ham qarab turiladi, mushkullari bo‘lsa, oson qilinadi. Bolani repititor yoki o‘quv markaziga berish bilan ish bitmaydi, shu sababli biz berayotgan tavsiya, inshaAlloh, amaliy hosila beradigan puxta tavsiyadir.
Bundan tashqari shaharda bo‘ladigan yaxshi ilmiy tadbir va suhbatlarga borish kerak. Qayerda ilmdan so‘zlansa, albatta, bahramand bo‘lmoq lozim.
Shubhasiz, bu yerda foydali ilmlar haqida gapiryapmiz.
Agar shunday ish tutilsa, har bir oila bunga odatlansa, albatta, ilm insonlarni aziz qiladi, axloqlini go‘zallashtiradi va insof-diyonatli, sabr-u matonatli bo‘lishlari uchun xizmat qiladi.

Akrom MALIK