← Barcha maqolalar

Shunday qilib, yemak uchun halol pul sarflash kerakligini esladik, endi kartoshka…

Maqola · 6 daqiqa o‘qish

Shunday qilib, yemak uchun halol pul sarflash kerakligini esladik, endi kartoshka, piyoz-u sabzini archib, ovqatga solishdan avval ularning har birini uch marta ustida suv oqizib ishqalab yuvmoq kerak. Ha, shunday: sabzavotga suv quyasiz, ishqab yuvasiz, suvni uzasiz, yana shu shaklda uni yuvasiz.
Tuxumga jiddiy qarash kerak. Tuxum tovuqning axlat chiqadigan joyidan chiqadi va uning qattiq yuzasi tovuqning shilimshiq va shaffof axlati bilan qoplanadi, uni kamida kul yoki maxsus gel bilan yuvmasangiz, ketmaydi, uni chaqib tovaga solar ekansiz, o‘sha shilimshiq erib, birgalikda ovqatga, ovqat orqali sizning qimmatli tanangizga kirib boradi, shu sababli tuxumni kullab yoki gellab uch martalab yuvmoq lozim va lobuddir.
Idishlarni ham axlat yoki nopoklikdan tozalash kifoya emas, ularni yana uch marta alohida suv oqizib yuvib olish talab etiladi.
Qo‘l yuvishga ham juda e’tiborli bo‘ling: xojatxonadan chiqqach, albatta, sovunlab yuving. Yuvganda ham butun panjangizni va qo‘lingizning bo‘g‘imlarigacha, barmoqlar orasini ham uch martadan alohida yuving.
Ovqatga kirli suvlar tomchilamasligiga diqqat qilingiz.
Bunday ishlarga e’tiborsizlik natijasida taomingizga ifloslik, kir aralashadi. Bu narsalar taom ta’mini buzmasa ham, vujudingizga kirib, qoningizga quvvat o‘laroq aralashib, ta’bingiz xira bo‘lishiga, bezbet, surbet, qalbi qattiq, aqli falaj odam bo‘lishingizga yetaklaydi. Qo‘l yuvmay nopok idishlarda chap qo‘lda ovqat yeydigan odamlar, albatta, kir qalblidir, albatta, ularning aqli kaltadir.
Demak, taomni eng pokiza mahsulotlarni pok bo‘lguncha yuvgach, ishlatishga kelishib oldik. Pokiza mahsulot der ekanmiz, biz uchun halol sanalgan go‘sht va narsalarni nazarda tutyapmiz. Bismillohsiz so‘yilgan et, cho‘chqaning go‘shti, itning go‘shti va umuman harom narsalarni umuman yemaymiz, zotan, ularni yuvsangiz ham poklab bo‘lmaydi.
Taomlar fasl va ob-havoga ko‘ra suyuq va quyuq hamda quvvatbaxsh bo‘lishi ahamiyatli. Xamirturushli xamirdan bo‘lgan nonni yeyish kerak.
Imkon qadar shkalat, pecheniye, umuman, ko‘chadan pishirilgan har qanday turdagi pishiriqlardan chetlangan yaxshi, sababi avvalo poklik tamoyillariga qanchalik rioya etilganligi bizga qorong‘u, ikkinchidan, ularning tarkibiga aynishga qarshi qo‘shiladigan kimyoviy sun’iy moddalarni kamina sekin ta’sir etuvchi zahar deb biladi. Shu sababli har bir oila yeydigan hamma narsasini o‘zi qo‘lda tayyorlagani eng maqbul ishdir. Hatto ishxonada qilinadigan tushlikni ham uydan olib ketish yaxshi odat. Qolaversa, uyda tayyorlangan ovqat ko‘chada pishgan shubhali ovqatdan bir qancha marta arzonga tushadi.
Dasturxonda rangli har qanday ichimlik, rangli har qanday shirinlik turmasligi kerak. Balki turshak, qoqi, mayiz, yong‘oq, xandon pista, novot, asal, sariyog‘ va uyda tayyorlangan narsalar bilan dasturxonimiz to‘lishi go‘zal va oqilona bo‘lur edi.
Oilada to‘rt mahal taomlanish tavsiya etiladi.
Ertalab nonushta, tushlik, asrdan avvalgi kichik taomlanish (buni ayrim hududlarda alvon deyishadi), so‘ng kechkilik.
Eng muhim qoida shulki, taom vaqtida uyda bo‘lgan hamma majburiy-ixtiyoriy dasturxonga kelsin. Hech kim xafaman, vaqtim yo‘q, bandman deya chetda qolmasin. Albatta, hamma bir vaqtda dasturxonga kelsin, bir vaqtda ovqatlanishni boshlasin, tabiiy, oilaning kattalari ovqatni boshlab beradilar; hamma bir vaqtda ovqatdan tursin, hech kim bor ne’matlardan chetda qolmasin, hamma Alloh bergan rizqdan bahramand bo‘lsin, baraka degani shudir.
Yana muhimi shuki, bir vaqtda ovqatlanganda hammaning qorni to‘ysin, shunda bevaqt ovqat izlashga hojat qolmaydi, tartibli taomlanish bilan semirish yoki oshqozon kasali ham bo‘lmaydi.
Kamina o‘z oilamiz tajribasidan kelib chiqib aytsam, amaki-ammalarim orasida oshqozon kasali yo‘q, chunki u xonadonda hamisha hamma bir vaqtda belgilangan soatda yaxshi va chiroyli ovqatlanadi. Qorin yaxshi to‘ysa, odamning xayoli chalg‘imaydi va yaxshi ishlaydi, yaxshi ilm oladi, yaxshi ibodat qiladi. Chimdib ovqatlanib, keyin har yarim soatda to‘yish bilmay timirskilanish axloq jihatdan ham, sog‘lik talabi jihatdan ham to‘g‘ri emas.
Ovqatlanish haqidagi umumiy va muhim gaplarni aytdik. Ovqatlanganda shoshmaslik, chapillatmaslik, kekirmaslik, o‘z oldidan olish, shoshmay chaynash va shu kabi odoblar har kimga ma’lum bo‘lsa kerak, albatta.
Yana muhim qoida shuki, ovqatni yetarli tayyorlash kerak – ortib yoki yetmay qolmasin, ortgan ovqatni muzlatib, isitib yeyishdan qochish, balki doim yangi ovqat tayyorlashga intilish kerak. Bu masalada dangasalik qilmaslik kerak, har safar yangi ovqat tayyorlash kamida ovqatdan zaharlanishning oldini oladi.
Bu oila salomatligi uchun zarur bo‘lgan taomlanish odobi haqidagi so‘zlar edi, endi esa hovli, uy, kiyimlarning tozaligi haqida biroz to‘xtalamiz.
Oilada kunda ikki mahal tozalash ishlari bo‘lishi tavsiya qilinadi. Ya’ni uy bekalari, qizlar erinmay ishni aniq taqsimlagan holda hovli va xonalarni ertalab va kechga yaqin tozalab chiqishlari shart, bu supurish, pol va changlarni artish degani. Bu ish yil o‘n ikki oy, haftadan yetti kun odatiy bo‘lmog‘i kerak. Tozalik tabni sof va pokiza tutadi, insonni sog‘lom va xushchaqchaq kayfiyatda bo‘lishini ta’minlaydi, bunday oila bolalari ham pokiza zotlar bo‘lib ulg‘ayadilar. Tozalikka o‘rgangan odam ozgina kirlikka chiday olmaydi.
Toza-ku deb tozalashdan qochish oqibatda isqirtlikka o‘rganib, ifloslikni odatiy deb qabul qilishga yetaklab boradi. Pokizalarga sharaflar bo‘lsin!
Uyda kir kiyim uyulib yotmasin, kir bo‘lgan kiyimlarni tezda yuvish, ayniqsa, ich kiyimlar pokligi birlamchi nazoratda bo‘lishi shart. Issiq kunlarda ich kiyimlar har kuni poklansa, maqsadga muvofiq. Jismning pokligiga har bir kishi juda qattiq qarashi, ota-onalar bolalarning toza yurishiga juda e’tiborli bo‘lishlari kerak.
Ayollarning va erkaklarning ich kiyimlari begonalar tugul, hatto oila a’zolarining ko‘ziga tushmasligi kerak.
Hovli va xonalar xushbo‘y turishi uchun rayhon va atirgullar hamda boshqa turdagi gullar ekilishi lozim. Xonalarga har kuni yangi uzilgan gullardan suv solingan guldonlarga solib qo‘yish tavsiya etiladi.
Oila bu ishlardan erinmasligi kerak. Har kuni bu ishlarni qilishi lozim.
Tozalik ishlaridan keyin chiroyli guldor dasturxon ustida issiqqina choy va qahva ichish qanday ham ajoyib, shunday emasmi? Masalan, pashmak, holva, shaftoli yoki o‘rik yoki nokdan tayyorlangan murabbo yoki xurmo bilan?
Zo‘r-a?
Bunday halovatni faqat pokizalikni sevganlar biladi va ular bunga munosibdirlar!
Darvoqe, tozalash bu faqat ayollar ishi degani emas, erkaklar ham eshik taglarini, uy ichlarini supur-sidir qilishda, artib-surtishda imkoniyatlariga qarab yordam bersalar, fazl bo‘ladi. Mabodo ko‘chani tozalash kerak bo‘lsa, bu ish faqat erkakning zimmasidadir. Erkak o‘z mahram ayollarini ko‘cha tozalashga chiqarib qo‘ymaydi.
Shunday qilib, so‘zimini yakunlasak: o‘z vaqtida shunday halol, pokiza taomlanadigan, pokiza yashaydigan, ichmaydigan, chekmaydigan, asabiylashmaydigan, hech baqirmaydigan, zulm qilmaydigan xonadonda biror kishi kasal bo‘lishi mumkinmi? Axir, aql va farosat bilan kasalliklar eshigini yopish mumkin ekan-ku!
Kutilmagan musibatlar va balolar-chi deysizmi? Birovning burini qonatmasangiz, halol yashasangiz, balolar sizdan yiroq turadi, qolaversa, har kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan kelayotgan duolarni o‘qib yursangiz, sizga hech qanday kutilmagan biror musibat shikast bermaydi Xudoning izni ila.

Akrom MALIK