← Barcha maqolalar

katta va kichik xarajat deb atalgan narsalar bor. Kichik xarajatlarni ona ham idora…

Maqola · 5 daqiqa o‘qish

katta va kichik xarajat deb atalgan narsalar bor. Kichik xarajatlarni ona ham idora qiladi, lekin katta xarajatlarni ota hal qilmog‘i shart. Agar oila yosh bo‘lsa, er-xotin o‘tirib, bizga hayotda eng keragi nima degan savolni o‘rtaga qo‘yishlari kerak.
Oziq-ovqat, kiyimlar, temir-tersaklar yetarli ekanligi ma’lum bo‘lgach, ortiqcha narsa olmaslikka kelishib olishlari kerak. Shahar do‘konlaridagi qo‘g‘irchoqlarning chiroyli qilib kiyintirilganiga so‘lak oqib qarab, yangi lattalar sotib olishdan, har xil ko‘cha ovqatlari va oshxonalaridan odam o‘zini tiyishi ma’qul.
Shu tariqa pulni jamlash ishlarini boshlash, umumiy jamg‘armadan ehtiyotkorlik ila reja bilan xarakat qilmoq kerak. Katta qop ichidagi donni kichik teshik to‘kib tashlay olgani kabi mayda xarajatlarga juda jiddiy qarash lozim, keraksiz mayda xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik shart.
Keraksiz holda yoqiq qolgan chiroq, oqib qolgan suv, e’tiborsizlik ila sindirilgan uskuna, yirtilgan mato, qalin archilgan kartoshka, qozonga keragidan ko‘p solingan yog‘, to‘kilgan quruq choy, ortib va achiydigan ovqatlar, qotib qoladigan va tashlab yuboriladigan non, oxirigacha ishlatilmaydigan tish pastalari – bularning hammasi isrof deyiladi va bu ishlar qashshoqlik poydevoridir. Kim bularga e’tiborsiz qara, uning nomi ahmoqdir. Johildir.
Oilada ayolning orzu-havasi ko‘p. Ko‘chada yurgan boshqa bir xotinning tillasi va qimmat kiyimi unga botadi. Shu sababdan oqila xotin eriga itoat qilgan holda shayton va nafsning bunday vasvasalariga aldanmaydi. Pulni tejab-tergaydi. Agar ayol pulni tejamasa, ro‘zg‘orda baraka bo‘lmaydi.
Nimagadir pul sarflashdan avval u kerakmi degan savolga aniq javob topmoq shart.
Barakaning asosi – poklik. Uyni pok tutish baraka va farovonlikka eshik ochadi.
Shunday qilib, pulni jamlash va tejash haqida gaplashib oldik, tejalgan va jamlangan pulni pulsandiqda (seyf) saqlangiz. Oila boshlig‘i er mavjud pul miqdori haqida hech kimga sir bermagani ma’qul. Xotin ham boylik bilan maqtanadigan ahmoqlar toifasiga kirmaslikka jidd-u jahd etsin. Puli ko‘paygan sababli o‘zini ustunlik his etadigan odam, qaysi jinsga mansub bo‘lsa ham, ahmoqdan boshqa sifat unga yarashmaydi.
Pulni nimaga sarflash kerak?
1. Ilm olish uchun pulga muhtojmiz. Chunki ilm kitobdan olinadi – kitob sotib olasiz; ustozdan o‘rganasiz, albatta, ustoz so‘ramasa ham, unga haq berishni vijdonli odam o‘ziga vojib deb biladi. O‘ta qashshoq va insofsizlar ilmni tekin olaman deb o‘ylaydi.
2. Uyingiz bo‘lmasa, uy, aniqrog‘i hovli olishga yo‘naltirmoq to‘g‘ri ish. Aslida, inson yashashi uchun hovlidek yaxshi makon topilmaydi.
3. Arava, ya’ni mashina. Uzoqni yaqin qiladi, zarurat tug‘ilsa, “boqadi”.
4. Farzandlar kelajagi uchun sarmoya. Bolani o‘qitish, uning xarajatlari uchun pul kerak.
5. Ota-onaga xizmat, ularni turli hadyalar bilan xursand qilish uchun ham pul zarur.
6. Muhtoj va bechoralarga yordam berishda pul juda yaxshi yordamchi.
Pulni ko‘paytirish faqat uni yig‘ish bilan emas, balki sadaqa va ehson bilan hamdir. Pul miqdori nisobga yetsa, zakotni sevina-sevina berish shart.
Pulni dam olishga sarflash masalasi ham bor. Hozir chet elga borib dam olish urfga kirgan. Shunga targ‘ib etadiganlar ham bor. Har kimning tanlovi o‘ziniki. Lekin har qanday safarning aniq maqsadi bo‘lmasa, unga shunchaki pul sarflash ham aqldan tashqari ish. Sayr-u sayohatning shunday sabablari bo‘lishi mumkin:
1. Ilm, ya’ni ilm talabida uzoq yurtlarga safarga boriladi.
2. Tijorat, ya’ni o‘z yurtiga kerakli mol-tovarlarni olib kelib sotish uchun sayohatga chiqiladi.
3. Sihhat-salomatlik, ya’ni xasta odam tuzalish maqsadida davo izlab safarga otlanadi.
4. Ibodat, ya’ni haj yoki umra uchun safarga boriladi.
5. Ziyorat, ya’ni ulug‘larning duosini olish uchun va o‘tganlarni yo‘qlash uchun maqbara, turba va qamdajolarga boriladi.
6. Ta’qib, ya’ni inson joniga zulm va haqsizlik, xatar va xavf yetsa, safarga chiqiladi.
7. Xizmat, ya’ni ishxona yoki ulug‘larning muayyan topshiriqlarini bajarish uchun safar qilinadi.
Bu ro‘yxatga biz ishni kiritmadik, holbuki, hozir aksar odamlar ish izlab chet elga ketishadi. Rizq topishning mutlaqo iloji yo‘q bo‘lsa, ehtimol, safar mumkindir, lekin sabr ila rizqqa qanoat qilib vatanda yashashni afzal deb o‘ylaymiz. Uzoq muddatga ishlayman deb xotinni, bolalarni yolg‘iz tashlab ketish insoniy hayotga mos bo‘lmasa kerak. Chunki bu muammo ham ma’naviy, ham jismoniy achchiq oqibatlarga olib keladi. Er va xotin bir oila bo‘lsa-yu, sargardon yashashi, bolalarning tarbiyadan chetda qolishi chiroyli emas. Agar boy bo‘lish, puldor bo‘lish, to‘q yashash peshona bo‘lsa, shu yerda ham rizq kishini topib keladi. Unday bo‘lmasa, yot yurtlarga borib, avvalo, iymon, taqvo, tarbiya, sog‘lik va xotirjamlik xatarga qo‘yiladi. Chunki halol va haromni farqlash zehniyatida bo‘lmagan ellarda cho‘chqa go‘shtimi, it go‘shtimi, ovqat qilib berilaveradiki, bu kabi narsalardan halqumni salqash juda katta muammo. Keyinchalik ham kelgindilik tamg‘asi odamga izzat topish eshigini yopadi. Baribir, yot yurtda bo‘yin qisib yashashga majbursan.
Xalqqa o‘zing qanchalik boy-u badavlat, to‘kin-u to‘kis ko‘rsatma, yot ulusda boshing egik, bo‘yning qisiq, daming ichingda ekanligini o‘zing bilasan. Begona davlatning nonini yeb, suvini ichgach, hamma narsasiga chidaysan. Shu sababli o‘z yurting va o‘z mahallangdan qo‘ymasin.
Qarz masalasi ham bor – imkon qadar qarzdan saqlanmoq joiz. Qarz insonni qul qiladi. Qarz berganning oldida egilishga majburmiz. Xudo hamma qarzdorlarga najot bersin!
Eng katta ogohlantirish – bir qatra ham haromni uyga kiritmangiz! Bir tiyin ham harom pulni sarflamangiz! Harom ikki dunyomizni xarob qiladi.
So‘zimiz so‘ngida eng birinchi gapga qaytamiz – rizq tashvishiga qul bo‘lmagan, isrof qilmagan, tamadan, qarzdan saqlangan, reja bilan sarflagan, kerak bo‘lsa, xarajat daftari tutgan, ehson va sadaqani, qanoat va shukurni lozim tutgan oila boy bo‘ladi, hech kimga qaram bo‘lmaydi.

Akrom MALIK