4. Bola yiqilishi, sho‘xlik qilishi tabiiy, lekin ota-ona o‘zini shunday tutishi…
4. Bola yiqilishi, sho‘xlik qilishi tabiiy, lekin ota-ona o‘zini shunday tutishi kerakki, bola erkatoylik chegarasi borligini o‘zi tushunsin. Ammo bu chegara baqirish yoki do‘qlash, bolaning yuragini tushirish bilan bo‘lmaydi.
5. Bolani temir-tersak – gaptashir va dilbuzardan uzoq tutmoq shart. Bola uch yoshdan keyin ertak va hikoyatlarni yaxshi ko‘rib qoladi. Unga turli o‘yinchoqlar, rangli rasmli kitoblar olib beriladi. Keyin kitoblardan bolalarga qiziqarli ohanglarda turli hikoya va ertaklar o‘qib berish lozim. Bu narsalar bolaga takrorlanmas olam tuhfa qiladi – bola bu ertak va afsonalar olamini xayolida tiklaydi, ertak eshitishni sevadi, shu sababli eng toza tasvirlar, toza so‘zlar va manzaralardan foydalaniladi, ertaklarning oqibati faqat yaxshilik bilan tugashi, qo‘rqmaslik va jasorat unda madh etilishi shart.
6. Bolaning o‘yin soatlari, o‘yin maydonlari va o‘rtoqlari bo‘lishi kerak va buni ota-ona nazorat qiladi. O‘g‘il yoki qizni kindikka bog‘lab olish kerak emas, undan kattaroq esli akalari bo‘lsa, juda yaxshi, yo‘qsa, bolaning yozilib o‘ynashi uchun sharoit qilish kerak.
7. Bolaga oz-ozdan ish buyurish va eng kichik ishini ham maqtash lozim. Hech qachon bolaning ko‘nglini o‘ksitmangiz, u mehr bulog‘ining suviga hamisha qonsin. Bolangizni mehrga tashna qoldirmangiz.
8. Bola o‘z istaklarini bayon qilarkan, ularni bajaring, lekin darhol emas, kechiktirib, muhlat qo‘yib, kichik go‘dagingiz ham hamma narsa vaqti yetganda sodir bo‘lishini, sabr kerakligini shu tariqa his etib borsin.
9. Besh yosh – olti yoshdan boshlab har kuni yarim soat, bir soat harf tanitish, sonlarni yodlatish uchun vaqt ajratgan ma’qul. Bola olti yoshda o‘qishn va sanashni, hatto oson hisob-kitoblarni, ranglarni ajratish, o‘yinchoqlarni yoyish va yig‘ishni bilsa, yaxshi.
10. Bola yetti yoshga yetganda muomala jiddiy tus oladi – erkalashlarni to‘xtatish va bolaga mas’uliyatli shaxs kabi qarash bosqichini boshlanadi. Endi uning o‘yin soatlari kamayadi, dars soatlari, oilaga yordam soatlari ko‘payadi. Unga jiddiy nigoh bilan qaraladi. Xato qilsa, biroz qovoq solinadi, unday qilmagin-da deyiladi. Yetti yoshdan o‘n yetti yoshgacha bolani quldek tutish haqidagi hikmat bejiz emas. Bola yetti yoshgacha taxtda o‘tirsin, keyin taxtdan tushiriladi. Dastlabki yetti yil uning ham jisman, ham ruhan ulg‘ayish yillari edi, keyin ham unga shikast yetkazilmaydi, faqat tartib va aniqlikka, mas’uliyat va intizomga odatlantirish harakati boshlanadi.
11. Bolaga topshiriqlar, bajarish bo‘yish tushuntirishlar va muayyan vaqt beriladi. Berilgan topshiriq ijrosi, albatta, tekshiriladi. Bunga hovlini chopib qo‘y, uyni tozala, falon narsani eltib ber kabi topshiriqlar kiradi. Bola chala ish bajarishiga qo‘yilmaydi.
12. Bola pul bilan muomala qilishni bilishi kerak. Unga yetti yoshdan boshlab aniq hisob asosida pul beriladi va sarf-xarajati tushuntiriladi, hatto shu yoshdan boshlab bolaning muayyan jismoniy (!) mehnati uchun pul berish mumkin, agar ijodkorligi bo‘lsa, ijodiy ishi uchun ham. Dars va boshqa shu kabi ishlarga emas, malaka hamda aql, jismoniy kuch hamda vaqt talab etadigan aniq ishlar uchun haq berish lozim. Topgan pulini birga sanab, hamyon yoki uning pulsandig‘iga joylab, muayyan qismini ehsonga ajratishni o‘rgatish kerak. Ehson der ekanmiz, eng avval, bobo-buvilariga pul hadya qilishni o‘rgansin. So‘ng kamchiqim amma-xolalariga. So‘ng qo‘ni-qo‘shnilar ichidan muhtojlarga. Shunday moliyaviy tizim qilish lozimki, bolaning o‘zi yiqqan pulga o‘ziga maktab kiyim va o‘quv qurollarini birgalikda xarid etish lozim. Shunda sakkiz yoshli bola kiyimlarini ehtiyot qilishini, daftarlarini avaylashini, o‘zini kattalardek jiddiy tutishini ko‘rasiz. Uning ko‘z o‘ngida jismoniy mehnat va vaqt pulga – qiymatga aylanadi. Bu uni o‘stirib yuboradi – bolaning miyasida bekorchilikka joy qolmaydi. Bolaga uqyu, dars vaqtlarini aniq belgilash kerak.
13. Bolani o‘n yoshida hunarmandga topshirish kerak. Hunarmand ustaning pokiza, halol va oilali, shafqatli, xulqi toza ekanligini qattiq tekshiringiz. Bola har kuni uch soat hunar o‘rgansin. Bunda yillarni taqsimlash mumkin kosiblik, duradgorlik, elektriklik, santexnika, g‘isht terish, suvoq, hatto tikuvchilik.
Har yili bittadan ustaga shogird bo‘ladi. To o‘n yetti yoshgacha bola o‘nta hunarni eplay olsa, nur ustiga nur. Shu yoshida chilangar-payvandchilik (svarka)ni, arava ustachiligini (mashina tuzatish, velik tuzatish) o‘rgansa, endi gap bo‘lishi mumkin emas!
14. Maktab hamma narsani bermaydi, bugungi sa’viyadagi maktab eng avvalo o‘qish, yozish, hisob-kitob, jo‘g‘rofiya, tarix kabi fanlarni o‘qitsa, qo‘shimchasiga fizika, kimyo kabi ilmlarning tamal ma’lumotlarini bera olsa ham katta gap. Bugungi sa’viyadagi maktab bola tarbiyasi va fitratiga zarba bermasa, uni buzmasa, buyuk ish sanalur edi. Shu ma’noda bolani xususiy maktab deb atalgan sun’iy jannat issiqxonasida emas, ota boshchiligida oila bag‘rida ko‘proq tarbiyalash va hayotga tayyorlash bugun dolzarbdir. Shu ma’noda bolani soat 12.00 gacha ushlab o‘tirib, keyin uyiga qo‘yib yuboradigan rasmiy maktabga berish maqsadga muvofiq kelmoqda. Chunki ham tekin, ham bolaning teng yarim kuni o‘z ixtiyorida, ota-ona ixtiyorida qolmoqda. Bolaning yarim kunini ozod holda o‘tkazishga izn bergan maktabga tashakkur aytib, bolaga vaqt ajratish ota-ona hayotiga ham mazmun bag‘ishlaydi, ham ota-ona sifatidagi vazifasini to‘g‘ri bajarish imkonini taqdim etadi. Ota-ona bolani faqat hunar yoki savdoga tashlamaydi emas, balki uning kitob o‘qish va mustaqil ilm olish ko‘nikmasi uchun ham yordamlashadi. Ota-onalarga tavsiya shulki, mumtoz va zamonaviy shoirlar ijodidan turli hikmatlarni bolangizga haftada 30 qatordan yodlatib borsangiz, yaxshi bo‘lardi. Yillar davomida bu yodlagan hikmatlar bola tafakkurini qurib, dunyoga nisbatan qarashini to‘g‘ri shakl olmog‘i uchun hissa qo‘shar edi.
15. Bolaga kiyim tanlashni – qimmat bo‘lsa, sifatli va rangi yarashadigan, o‘lchamlari mos libos tanlashni, shuningdek, halol va pokiza taomlarni tanlab yeyishni o‘rgatmoq lozim. Bolaning ongiga faqatgina o‘zi ishlab topgan pul evaziga pishirilgan ovqatni bemalol yeyish mumkinligini quyib qo‘ymoq shart.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bolani odam qilib tarbiyalaylik. U nechtadir tilda bidirlamasin, zamonaviy yigit yoki qiz bo‘lmasin, lekin irodali, matonatli, sadoqatli, mehnatkash, tadbirli, insofli, hunarli, jasoratli, oilaparvar va hokazo insoniy xalqlar kasb etib ulg‘aysin.