Agar go‘daklar, qariyalar, bechoralar, nogiron va kasallar oramizda bo‘lmasa, bizga…
Agar go‘daklar, qariyalar, bechoralar, nogiron va kasallar oramizda bo‘lmasa, bizga ilohiy shafqat yog‘ilmay qoladi, to‘xtaydi, balki osmondan toshlar yog‘adi.
Va umuman go‘dakka g‘azab etmoq hayvonning ham ishi emas.
Chaqaloq katta bo‘lib, qo‘lga ilinadigan, ko‘zga tushadigan bo‘lib borgani sayin, tashvishlar biroz kamayadi, hammaning quvonchi ko‘payib boradi.
Chaqaloq sal kasaldek ko‘rinsa, tanasini igna bilan teshish, tanasiga har xil dorilarni kiritib uni zaharlamaslik kerak. Imkon qadar kattalar, tajribali do‘xtirlar bilan maslahat qilinsa, ular zararsiz va yengil yo‘llarini aytadilar. Xususiy do‘xtirxonalar ko‘payib, do‘xtirlardan ham insof qochib, bolani kasal deb oborsangiz, qoplab dori yozib berishdan tap tortmaydigan bezbet va vijdonsizlar, insofsiz va yolg‘onchilar juda ko‘p. Alloh tavfiq bersin.
Chaqaloq asta-sekin kulishni, ovoz chiqarishni, o‘z hislarini ifodalashni boshlaydi. Keyin har xil harflarni ham aytadi. Asta emaklaydi. O‘tirishni o‘rganadi. O‘rnida turishga urinadi. Bularning hammasi o‘z vaqtida bo‘ladi. Qizlar ertaroq gapiradi, ertaroq ovqat yeydi, ertaroq emaklaydi, ertaroq yuradi va o‘tiradi. O‘g‘il bolalarda bu biroz kech bo‘ladi. Shoshmaslik, xavotir olmaslik, bu borada qaynonaning so‘zlariga quloq solish kerak.
Bola iliq suv ichadi, uch oylikdan e’tiboran juda kam miqdorda sutdan boshqa, masalan, uy tovug‘ining qaynatilgan tuxumi oqidan moshdek miqdorini bir kunda yeyishi mumkin. Oydan oyga bu ko‘paytirib borilsa, tajribali do‘xtirlarning aytishicha, kalsiyni ta’minlab beradi.
Bolani hadeb o‘rantirmaslik, ob-havoni his etishiga yo‘l berish kerak. Qishda salqinni, yozda issiqni me’yorida tanasi sezsin, ayniqsa, bola terisi quyoshning tonggi nurlariga to‘yishi kerak. Shaharda yashaydiganlar har kuni bolani toza havoda aylantirish soatini belgilashlari kerak. Bunda bolaning shamollab qolmasligi chorasini ko‘rmoq lozim.
Bolani faslga qarab muayyan oraliqlarda cho‘miltiriladi. Mutlaqo sintetika kiyishi mumkin emas, faqat yuz foiz paxtali yumshoq kiyimlar kiyishi shart.
Bir yoshga to‘lgan bola uyda qozonda pishgan ovqatlarni bemalol yeya oladi. Me’yorda maydalab, yumshoq qilib beriladi. Bolaga quvvat bo‘ladigan narsalar me’yorda yedirish kerak. Ham ona suti, ham ovqat uning baquvvat bo‘lib o‘sishiga sabab bo‘ladi.
Bola kundan kun shirin bo‘ladi, o‘yinchoqqa qiziqadi, erkalik nimaligini biladi; boladan mehr va shafqat ayamaslik lozim. Albatta, o‘z vaqtida uxlatish shartdir.
Shunday qilib, bola ikki yoshga kiradi. Uning chaqaloq davri tugaydi, endi savol berish va fikrlash davriga navbat yetadi.
Akrom MALIK