1. Bola beshik ichida yaxshi uxlaydi, chunki beshik yopinchig‘i buni ta’minlaydi…
1. Bola beshik ichida yaxshi uxlaydi, chunki beshik yopinchig‘i buni ta’minlaydi – qorong‘uda osuda maskanda go‘dak xotirjam orom oladi.
2. Chaqaloq, odatda, ko‘p cho‘chiydi. Oyoq va qo‘llari mahkam va me’yorida bog‘langani uchun cho‘chib, seskanib hadeb bezovta bo‘lavermaydi.
3. Yangi tug‘ilgan bola uch sabab bilan yig‘laydi – qorni ochganda; qorni dam bo‘lganda; qulog‘iga sovuq shamol kirganida. Bola yig‘lasa, qorni to‘ydirilgan bo‘lsa, qornini silab ko‘rish lozim, agar tarang bo‘lsa, demak, dam bo‘lgan; qulog‘ini shahodat barmoq bilan ehtiyotlab bosiladi, bola chirillab qolsa, demak, quloqqa shamol tekkan. Beshik yopinchig‘i va yo‘rgak bolani ana shunday sovuq shamoldan himoyalaydi.
4. Bola hali chaqaloq ekan, sal ovozi chiqishi hamon ovutish shart, agar qorni ochgan bo‘lsa, emizish; qorni dam bo‘lgan bo‘lsa, dazmol bilan ozgina isitilgan sochiqni qorniga qo‘yib silash; qulog‘i og‘rigan bo‘lsa, do‘xtir bilan bamaslahat chorasini ko‘rish kerak; toki bola uzoq vaqt yig‘lab qolmasin va yig‘loqi bo‘lmasin. Bola chaqaloq ekan, dastlabki uch oy davomida bir kunda 14 – 18 soat uxlashi lozim. Bu uyqu uning yaxshi rivojlanishi, suyaklari o‘sishi va hissiy jihatdan barqaror bo‘lishi uchun shart. Agar beshikka belanmasa, bola bunday uyquni topa olmaydi. Beshikda sal ovozi chiqishi bilan ehtiyotlab tebratiladi, bolaning uzluksiz sifatli uyqusi ta’min etiladi.
Hech kim chaqaloqning miyasi chayqaladigan darajada beshikni tebratmaydi, albatta, bunga hammaning aqli yetadi.
Beshikka belanmasa, bola yetarlicha uxlay olmaslik ehtimoli katta. Ayrim yosh ota-onalar bolam uxlasin deb sun’iy suyuqliklar ichirishlari mumkin. Bular to‘g‘ri emas.
Demak, beshik kerak, beshikka bolalarni belamoq shart.
Beshikka til tegizayotganlar o‘zlari bilib-bilmay bizni sinalgan yo‘ldan chiqarmoqchi bo‘layotganlarning tegirmoniga suv quymoqdalar, afsus.
Bolani ilk cho‘miltirish ishi bola bir haftalik bo‘lganda bo‘ladi. Bunda ham yosh onani yolg‘iz qoldirish mumkin emas, kelinning o‘z onasi yoki qaynona bu ishda bosh bo‘lishlari, o‘zlari bolani yuvintirishlari, cho‘miltirishlari kerak. Shuningdek, bu onalar o‘zlari nevaralarini beshikka belashlari, beshikka belash ilmini yosh onaga o‘rgatishlari talab etiladi.
Qaynona kelinning qirqi (chillasi) chiqquncha ehtiyot qilishi, chaqaloqli uyga begonalarni kiritmasligi, isiriq tutatishi, doimiy duolar o‘qishi kerak. Kelin 5 – 10 kun obdon yotib, quvvatini tiklashi lozim, so‘ng holatiga qarab ro‘zg‘orga, boshqa ishlarga qarayveradi. Qaynona bu onlarda kelinga yanada yumshashi, shafqatli bo‘lishi, nevaraning holatini o‘z nazoratida saqlashi kerak. Yosh ona yordamga eng muhtoj bo‘lgan davr shu davr sanaladi. Qaynona yig‘lagan bolani ovutish, qorin damini ketkazishga yordam berishi, kelinning to‘g‘ri ovqatlanishini erinmay o‘zi boshqarishi lozim. Taxminan olti oy davomida bolaning oshqozoni ovqat hazm qilish ishini o‘rganadi. Onasi yegan ovqat sut aylanadi, ovqat tarkibidagi moddalarni chaqaloq me’dasi sut shaklida qabul qilib, uni hazm qilishga moslashguncha mashaqqat chekadi. Shu sababli qorni dam bo‘ladi, bu mashaqqatni ozaytirish uchun ona tanlab-tanlab ovqatlangani yaxshi. Bunda qaynona yordam bermasa, yosh ona e’tiborsiz bo‘lishi, baribir, ovqatlarni aralashtirib yeb qo‘yishi tabiiy.
Bola kechalari yig‘laydi. Tagliklarini tozalash, almashtirish kerak. Asosiysi, har qanday ona qasd qilsinki, albatta, bolamni emizaman deya. Buni oliy qadriyat deb bilmoq kerak. Ona suti bilan bola jismiga mehr, quvvat kiradi. Bola ikki yoshgacha to‘liq ona sutini emar ekan, ham jisman, ham ruhan sog‘lom o‘sadi.
Yosh onalar ham, otalar ham bola yig‘lasa, jahl qilmasin. Sabr qilsin. Chunki oʻzlarini bu yig‘iga chiday olmaydigandek his etishlari mumkin. Chaqaloqning yig‘isiga haqiqatan chidash qiyin, ammo u yig‘i Allohning rahmati ekanligini unutmaslik lozim. Hech qachon go‘dakka g‘azab etmang. U Allohing rahmatini opkeladi, g‘azabini to‘sadi, baraka eshiklari ochilmog‘iga sabab bo‘ladi. Bizlarning gunohlarimiz juda ko‘p, bola esa bizga qalqondir.