Butlar toshdan, loydan, gipsdan, yogʻochdan yasaladi.

Butlar toshdan, loydan, gipsdan, yogʻochdan yasaladi.
Yana shunday but bor, unga na qoʻl tegadi, na koʻz.
U insonning ichida quriladi. Uni sindirish uchun bolta kerak emas. Haqiqat kerak. Inson butlarni yer yuzidan yoʻq qilishi mumkin. Ammo koʻksidagi butni sindirmaguncha tavhidi komilni topmaydi.
Butning nomi: Nafs.
U: "Yomon boʻl", – demaydi.
"Faqat oʻzingni markazga qoʻy", – deydi.
Shu birgina jumla bilan insonni Haqdan adashtirib, oʻz nafsi atrofida aylanishga majbur qiladi.
Nafsning eng buyuk hiylasi shuki, u seni gunohkor qilmay turib ham halok eta oladi.
Maqtovga muhtoj qiladi. E'tirofga chanqatadi. Olqish bilan oziqlantiradi. Soʻng esa oʻzingni odamlar nigohida qidiradigan darajaga yetasan.
Insonning ogʻir zanjiri temirdan emas.
"Meni koʻrishsin."
"Meni eshitishsin"
"Meni tan olishsin" degan halqadan yasaladi.
Nafs — tubsiz quduq.
Unga mansab tashlasang, yana so'raydi.
Boylik tashlasang, yana och qoladi.
Maqtov tashlasang, yana olqish kutadi.
Butun dunyoni tashlasang ham:
"Yana nima bor?" – deydi.
Chunki nafsning qorni emas,
ochko'zligi cheksiz.
U dengiz suvidan chanqog'ini bosmoqchi bo'lgan odamga o'xshaydi.
Ichgan sari tashnaligi ortadi.
Nafs seni yiqitish uchun doim gunohdan foydalanmaydi.
Ba'zan u seni ibodat bilan ham aldaydi.
Namozingni ko'rsatadi.
Ro'zangni ko'paytiradi.
Ilmingni bezaydi.
Ammo bularning barchasining ichiga bir tomchi kibr tomizadi.
Bir tomchi kibr esa yillar davomida yig'ilgan ixlosni yemiradi, ammo oʻzi ko'rinmaydi.
Nafsning ildizi gunoh emas. Uning ildizi unutish. Kimni unutish?!
Faqat Haqni emas, oʻzining asl kimligini.
Zero, odam tuproqdan yaratilganini unutgan zahoti changini oltin deb oʻylay boshlaydi. Endi uning qulash boshlanadi.
Eng xavfli qabriston tirik odamlarning nafs istaklari bilan toʻlgan qalbidadir. U yerda ixlos, tavoze' va tavba dafn qilingan.
Odamning ichida bir taxt bor. Unda yo ruh oʻtiradi, yo nafs. Ikkalasi bir vaqtda hukmron boʻla olmaydi.
Qalb – ikki podshoh sigʻadigan mamlakat emas.
Tasavvuf ahli qalbni oynaga oʻxshatishgan. Oynani chang emas, nafsning nafasi xiralashtiradi.
Shu bois ayrimlar Haqni topolmaydi. Haq yashiringani uchun emas, ular oʻz aksiga mahliyo boʻlib qolganlari uchun.
Nafs shunday ayyorki, odamni gunoh bilan emas, oʻzi bilan band qilib qoʻyadi.
"Dedim". "Qildim." "Erishdim."
Oqibatda "men" shu qadar ulkanlashadiki, qalbda "U"ga joy qolmaydi.
Urugʻ daraxt boʻlishi uchun avval uning poʻsti tuproqda chirishi kerak. Sham yorugʻlik berishi uchun oʻzini eritishi kerak.
Inson ham Haqqa yaqinlashishi uchun avval nafsining tojini yechishi zarur.
Eng ogʻir roʻza – nafsni maqtovdan och qoldirishdir.
Ogʻir sukut esa ichingdagi "men"ni jim qilishdir.
Buyuk hijrat – nafs hukmron qalbdan ruh hukmron qalbga koʻchishdir.
Inson umrining butun ma'nosi yer yuzida podshoh boʻlish emas,ichidagi fir'avnni taxtdan tushirishdir.
Soliha PORSO