Quvvat bo‘ladigan, bolani rivojlantiradigan yeguliklarni yeyishga urinish lozim…
Quvvat bo‘ladigan, bolani rivojlantiradigan yeguliklarni yeyishga urinish lozim. Maxsus tartib asosida har kuni muayyan jismoniy mashqlarni qilishi darkor. Ovqatlar hazm bo‘lsin, ayolning jismiga singsin, chunki bola onaning jismidan quvvat oladi, go‘sht oladi, pay va suyak, qon va suvini oladi.
Bo‘lajak ona, albatta, shifokorning belgilangan ko‘riklariga muntazam qatnashi, aytilgan tavsiyalarga amal qilishi bugun kerak. Lekin shifokor so‘zlari va tavsiyalarini onasi, opasi va boshqa yaqin tajribali qarindosh ayollar bilan muhokama qilib borgani ma’qul.
Tug‘ruq vaqti yaqinlashganda darhol tug‘ruqxonaga yugurmaslik, balki ayni bola dunyoga kelishi uchun bo‘ladigan asosiy belgilarni o‘rganib, o‘shalar zohir bo‘lishigacha sabr qilmoq lozim. Imkon qadar kuchini saqlashi, xotirjam va sokin holda turishi kerak.
Bo‘lajak ota yangilikdan hovliqmasligi, o‘zini boshqarishi, hissiyotlarini ko‘cha-ko‘yga oshkor qilmasligi yaxshi. Xotinining ham jismoniy, ham ruhiy holatini kuzatishi, zarur o‘rinlarda dalda berishi, har qanday holda o‘zini aslo yo‘qotmasligi, ichki sirlar haqida begonalar bilan o‘rtoqlashmasligi kerak. Xotinining ko‘ngli sust ketgan narsalarni o‘z vaqtida me’yorda hozirlash uning vazifasidir.
Ayoli ba’zan injiqlik qilsa, chidash kerak. Yukli ayolning siqilishiga, qayg‘ulanishiga, jismonan haddan tashqari ishlarga urinishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu holatlar, albatta, ona qornida shakl olib kelayotgan chaqaloqning ham ruhiy, ham aqliy, ham jismoniy xususiyatlariga ta’sir o‘tkazadi.
Qaynona ikkiqat kelinni avaylashi, ayni paytda taltaytirib yubormasligi lozim. Yaxshi yeb-ichishiga, jismoniy harakatlariga e’tiborli bo‘lib, nazoratda ushlash shart.
Kelinning onasi qizi holidan xabardor bo‘lib, ruhiy dalda bo‘lib, bu juda oson va yengil o‘tishini aytib turgani ma’qul.
Tug‘ruqxonaga borishdan avval ayollar, tabiiyki, bo‘lajak ona uchun barcha kerakli narsalarni jamlab beradilar va tug‘ruq jarayonlari haqida aytib berishadi. Hech kim bo‘lajak onani xavotirga solishga haqqi yo‘q. Balki hammasi oson va tez bo‘lishi haqida ishoralar berib, haddan tashqari masalaga e’tibor berib yubormaslik maqbul. Xuddi oddiy jarayondek qabul qilinsa, ish shuncha silliq kechadi.
Bo‘lajak ona ikkiqatlikni oddiy, doimiy jarayon deb bilib, o‘z ishlari va vazifasi bilan mashg‘ul bo‘laversin, hech kimdan ortiqcha e’tibor kutmasin.
Tabiiyki, kelin ham, kuyov ham, ota-ona-yu qaynota-qaynonalar ham – barcha ona eson-omon qutulib olishi, bolaning sog‘lom holda dunyo yuzini ko‘rishi uchun uzluksiz duolar qilishlari shart.
Akrom MALIK