Barakali tavba

Imom Yofiiy aytadiki, shayx Iso Hattor Yamaniy bir fohishaga kunduzi ko‘chada bugun xuftondan keyin oldingga boraman dedi. Fohisha shodlanib, yasanib, uni kutdi. Shayx aytilgan vaqtda bordi, fohishaning uyiga kirdi, ikki rakat namoz o‘qidi va chiqib ketdi, fohisha bu holda hayratga tushdi, yig‘ladi va barcha ishlariga tavba qildi. Shayx uni o‘z muridlaridan biriga nikohlab berdi.
Bir kuni u muridiga aytdiki, menga ovqat qilib kelingizlar, ammo ovqatga yog‘ solmangizlar. Shu asnoda fohishaning tavbasi haqida bir boy odam eshitdi. U ilgari fohishaning mijozi edi. U bu voqeadan ajablandi, shayxga bir idishda may yuborib: “Bir fohishani tavba qildiribsiz, bundan xursand bo‘ldik, bu yog‘ni o‘sha yangi muridangiz pishirgan taomga qo‘shingiz”, – deyishni xizmatkoriga tayinladi.
Idishni olib kelishganda ovqat shayxning huzurida edi, xizmatkor xo‘jayinining gapini yetkazdi, shayx: “Yog‘ni kech opkelding”, – dedi-da, idishni olib, ovqatga quydi. Keyin xizmatkorga: “Ovqatdan ol”, – dedi. U ovqatdan yedi va taomning yog‘i juda obi-tobiga kelganligini ko‘rdi, bundan ortiq yaxshi qilib yog‘ qo‘shish mumkin emas edi. U xo‘jayiniga borib voqeani aytdi. Boy bu hodisadan qattiq ta’sirlandi, darhol kelib shayxning qo‘lida tavba qildi va xizmatiga kirib, murid bo‘ldi.
“Nasoyimul muhabbat” asosida Akrom Malik tayyorladi.