← Barcha maqolalar

Agar (olimning) ruhi sizni yomon ko‘rsa, u sizni inkor etib, tark qiladi. U sizni…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Agar (olimning) ruhi sizni yomon ko‘rsa, u sizni inkor etib, tark qiladi. U sizni inkor etsa, Alloh sizni yomon ko‘radi. Uning ishlariga yomon ko‘z bilan qaramang, yo‘qsa siz uning yonida baxtsiz bo‘lasiz.
Uning aytganini qiling va ishini Alloh taologa topshiring.
Balki siz ishining zohirini ko‘rib baho berayotgandirsiz, uning botinida uzr yoki to‘g‘rilik bordir. Qo‘lingizdan kelganicha uning ishini ulug‘lang. Chunki uning sizdagi bir kunlik haqqi osmonlar-u yerdan og‘irdir. Uning haqqi ota-onangiz haqqidan ulug‘dir.
Chunki ota-onangiz sizni yegulik, kiyim va badan ozuqasi bilan tarbiya qilishadi. Olim esa sizni haq, adolat va hidoyat bilantarbiya qiladi. Sizni bilmasingizdan Allohni bilish tomon, ko‘rmasingizdan ko‘rish tomon buradi. U zulmatlarda yo‘lingizni yoritadi. Uning vositasida din va dunyo ishlaringiz o‘nglanadi.
Uning obro‘yini himoya qilishingiz, u uchun dinini muhofaza qilib, tirikchiligida yordam berishingiz, boshiga tushgan ish va vazifalarni ado etishingiz, o‘zingiz uchun yaxshi ko‘rgan narsani uning uchun ham yaxshi ko‘rishingiz, uning barcha ishlarini o‘zingiznikidan oldin qo‘yib, o‘zingizning ishingizni qilishdan oldin uning ishini bajarishingiz, Alloh rozi bo‘ladigan ishlarda unga itoat qilishni o‘zingizga farz qilishingiz uning sizdagi haqqidandir.

Hakim Termiziy hazratlarining “Haqlar kitobi”dan, 39-bet.
Arabchadan Abbosxon Abdulloh tarjimasi. Ayni paytda “Tavfiqnashr”da chop etishga tayyorlanmoqda.