← Barcha maqolalar

Biz ham ulgʻaymoqdamiz, shekilli. Asta-sekin jism ham, ruh ham ba’zan sokinlik…

Maqola · 1 daqiqa o‘qish

Biz ham ulgʻaymoqdamiz, shekilli. Asta-sekin jism ham, ruh ham ba’zan sokinlik bagʻrida orom olishni istamoqda. Gʻavgʻo va da’volarsiz suhbatlar xohlamoqda. Aks holda, koʻzga koʻringan va koʻrinmagan; bilingan va bilinmagan yuklar bu zaif jismga, gʻarib ruhga ogʻirlik qilmoqda. Boshqalarga rahnamo boʻlishni istagan aql oʻz nafsini yoʻlga solish mashaqqatini totadi.
Shu onlarda tabiat ichra safar foyda berarkan. Bu aql bilan emas, oʻz-oʻzidan roʻy beradigan ehtiyoj ekan.
Avvallari ham togʻga chiqqanmiz, lekin yoʻlboshchi ila safar mashaqqati oson kecharkan.
Tanishimiz va ukamiz Usmonjon tashkil qilgan @hamrohtrip safarimizda bizga yoʻlchi boʻldi.
Chukurak, Baltav (Boltogʻ) sharsharasi; Obi Rahmat va Baltav gʻoriga bordik. Kun boʻyi piyoda yurdik. Quyosh va shamol, bulutlar soyasi va togʻlarning qoyasi hamroh boʻldi.
Darvoqe, Baltav, menimcha, asl nom. Oʻrislar Paltau deb oʻzlariga moslab olishgan. Oʻrisning talaffuzidan kechib, Baltav desak, yaxshidir, vallohu a’lam.

Akrom MALIK