Vatan ichida safar – vatandan chiqmaysan, lekin safarda bo‘lasan. Bir ma’nosi…

Vatan ichida safar – vatandan chiqmaysan, lekin safarda bo‘lasan. Bir ma’nosi shuki, inson ruhining vatani – uning jismidir. Shu jismdan chiqmay turib safarda bo‘lmoq. Ruh go‘yo tananing ichida, lekin u yillar davomida juda ko‘p manzillarni ko‘radi. Bu manzillarning ayrimlari quvonch, ayrimlari g‘am deb ataladi. Ba’zi inson o‘zini aylana ichida yurgandek his qiladi: kecha ko‘rganlari bugun yana qaytib keladi. Kecha tushgan manzilidan chiqqan edi, ammo yana o‘sha manzil qarshisidan chiqadi. Lekin buni anglash uchun ham teran qalb va aql kerak.
Bu turg‘unlikdir, lekin chinakam safar ruhning tuproqdan osmonga qilgan safaridir. Bu safar ham tana ichida ekan, yuz beradi. Kecha qilgan gunohni qilgan bugun ham o‘sha gunohga uchraydi. Uning uchun kunlar faqat gunoh va isyonlar iborat shaklda kechadi. Gunoh daryoning girdobi kabidir – oqmaysan, qutulmaysan, bir joyda gir aylanasan, balki daryo tubiga cho‘kasan – halokatga uchraysan. Bu girdobdan istig‘for arqonini ushlab, tavba kemasiga chiqish bilan najot topasan. Gunohdan xoli holda yaxshiliklar ila band bo‘larkan, odam endi yuksalishni boshlaydi. Unga boshqalar ko‘rmayotgan haqiqatlar kashf etib beriladi, boshqalarga nasib etmagan manzillar ochiladi. Mana shu rasmana safar.
Jamiyat turli tabaqalardan iborat. Oddiy ishchi va kitob o‘qib, ilm qilayotgan odamning farqi bor. Ishchi doimiy ravishda mehnat bilan mashg‘ul bo‘lgani sababli ilmning hikmatlaridan xabarsiz qolsa, ilm ahli hikmat va peshvolikka sohib chiqadi. Bugun oliy ma’lumot olib, yozuvchi, shoir, jurnalist, o‘qituvchi, olim sifatida faoliyat qilayotganlarni ziyoli, oydin deb atash rasm. Jamiyatni tushkunlik girdobidan yuksakka olib chiqish shu tabaqaning zimmasida. Inson ruhining safari jism ichida sodir bo‘larkan, jamiyat ruhining ham ko‘kka safari bor.
Aytadilarki, jahannam yetti qavat yer ostida, jannat yetti qavat osmon ustida. Jism – tuproqdan, ruh – osmondan. Jismning istaklariga ergashish tuproqqa tushish, oqibatda, jahannamga yiqilish; ruhning istaklariga erishish – ko‘kka ko‘tarilish, natijada, jannatni makon tutishdir. Ziyoliman degan shaxsiyatlar ana shu teran maqsad sari yashashlari va jamiyatni shu tomonga yetaklashlari kerak.
Katta hayot sari qadam qo‘yib kelayotgan yosh yigitlar shuni bilishlari yaxshi bo‘lardiki, u kelajakda jamiyat ichidagi biror tabaqaga, albatta, mansub bo‘ladi. Bugun qilayotgan ishlari uni mana shu ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganlar ichiga kiritadi. Agar yaxshi ish qilsa, yaxshilar safiga qo‘shiladi; yomon ish qilsa, yomonlarga aralashib ketadi.
Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, qaysi joyda bo‘lsa ham, inson boshqalarga manfaat yetkazish yo‘lida bo‘lmog‘i kerak. Yaxshilik qilish amallarning eng go‘zalidir. Ibodat va toatni o‘zing uchun qilasan, lekin odamlarga manfaat yetkazish bu chinakam mardlikdir. Yaxshilik degani o‘z nomingni o‘chirib, boshqalarning sha’ni uchun kurashmoq. O‘zing och qolib, boshqani to‘ydirmoq. Boshqaning huzuri uchun haq talab qilmagan holda o‘z huzuringdan voz kechmoq. Amin bo‘lmoq kerakki, xolis yaxshilik, albatta, yomonlik ila jazolanadi. Muhabbat nafrat ila, shafqat zulm ila, sadoqat xiyonat ila, poklik nopoklik ila, albatta, sinaladi. Bu sinovdan ikki maqsad bor – pishirish, kuchli qilish va loyiq ekaningni tekshirish.
Insonlarga non berib, ochlikdan; suv berib chanqoqdan qutqarish mumkin, lekin yolg‘onga asir bo‘lganlarni haqiqat nuri ila zulmatdan yorug‘likka boshlash eng qiyinidir. Ko‘zlari nur ko‘rmagan so‘qirlar yorug‘likdan qo‘rqib seni o‘ldirib qo‘yishlari hech gap emas. Eng katta yaxshilik – insoniyat haqiqatni aks ettirgan ilm va hikmat ko‘zgusini tutqazishdir. Ammo tayyor bo‘l: ko‘zguni sindirib, sinig‘i bilan o‘zingni so‘yishlari ehtimoli kattadir. Bundan qo‘rqma, bu qatl seni mangulikka erishtiradi.
Ilm yo‘lini tutajak yoshlar hazir bo‘lishlari kerakki, bugun olimman deganlar orasida hasadchilari juda ko‘p; ilm ahliman deganlar ichida o‘limni bo‘yinga olganlari bisyor. Hasadchi deganimiz o‘zidan ilmi ko‘payganni ko‘ra olmaydi, zotan, u ilmni obro‘ uchun o‘rgangan edi, endi boshqaning ilmi ko‘paysa, o‘zini obro‘si tortib olingandek his etadi.