← Barcha e’lonlar

Qizlarning otalari kuyovingiz bo‘laman degan yigitlarni biror aniq hunarga ega…

E’lon · 2 daqiqa o‘qish

Qizlarning otalari kuyovingiz bo‘laman degan yigitlarni biror aniq hunarga ega bo‘lishlarini talab qilishlari yaxshi. Yigit biror yaxshi qizga uylanaman deb, muayyan shartlarni bajarsa, yanada yaxshi. Shunda u xotinning qadrini biladi, urmaydi, ehtiyotlaydi, darrov taloq berib yubormaydi. Haqiqiy yigit yaxshi qiz uchun sinovdan o‘tadi. Agar kuyov bo‘laman degan talabgorda hunar bo‘lmasa, o‘rganib kelsin. Diplom boshqa, hunar boshqa.
Qizini go‘zal tarbiyalagan ota kuyovlarga talab qo‘yishdan tortinmasin. Ertaga afsuslanib, oh-voh qilmaslik uchun qizini ishonchli qo‘lga topshirsin. Kuyovni yetti marta elakdan o‘tkazsin. Yigit kishining yaxshi qiz uchun kurashishi uning fazilati, hech qayeri kamayib qolmaydi, tabiiy, kuyovning ota-onalari buni anglab, o‘g‘illarining erkak bo‘lib, sinovdan o‘tishlariga chidab berishsin. Uylanish – bu erkaklikka qadam bosish demakdir. Bu dang‘ir-dung‘ur to‘y va yengiltaklik bilan sakrash emas.
Dunyoda hamma ham ilmli bo‘lavermaydi. Kuyovlikka nomzodning juda chuqur ilmi bo‘lmasa ham, ilm ahlining muxlisi bo‘lsa, yaxshi. Ilmi oshib-toshib ketmasa ham, axloqli bo‘lishi asosiy shart. Axloqsiz va ahmoq, hayosiz va bezbetlarga qiz bermangizlar.
Uylanaman degan yigitning huda-behuda vaysashlar bilan to‘la yoki boshqa maqsaddagi telegram kanali bo‘lsa, uni ham tekshirish kerak.
Yigit boy ekan, chet elda o‘qigan ekan, falon ekan degan har xil bo‘lmag‘ur mezonlardan voz kechgan ma’qul. Yigitning qo‘li kalta, biroz kambag‘al bo‘lishi tabiiydir. Chunki u endi hayotini quradi. Ota-onasi uni uylantirgach, xotini, bo‘lajak bolalari uchun ishlaydi. Asosiysi, dangasa bo‘lmasa, axloqsiz bo‘lmasa, bas. Uylanish bilan baraka nozil bo‘ladi.
Agar ilm yo‘lidan ketaman degan yigitlardan sovchi kelsa, ularga alohida ehtirom ko‘rsatmoq lozim. O‘ta halimlik va hikmat ila bu nomzod ham tekshiriladi. Ilm va adabning mutanosib ekaniga diqqat qilinadi. Basharti, yoqsa, rizolik beriladi; ko‘ngil chopmasa, chiroyli rad etiladi.
Biz zikr qilayotgan talablar hech kimga mashaqqat ko‘rinmasin. Bu talablar o‘ta oddiy va hayotiydir. Ehtimol, esimizdan chiqqandir. Uylanaman deganlar ham o‘qib, o‘ziga xulosa qilsin. Qiz chiqaraman deganlar ham hisobga olsin. Chunki bu gaplar bizning emas, urf-odatlarimiz, zehniyatimiz va tajribalarning gaplaridir. Hayotni jiddiy bilganlar va qabul qiladigan odamlarga qaratilgan gaplardir.

Akrom MALIK