← Barcha she’rlar
Ulgʻayish
Ulgʻayish
Yurakni qaygʻular egallab achchiq,
Qalbingga yetmasa havolar mudom —
Vujuding hamdami boʻlganda sanchiq,
Ulgʻayib kamolga yetibsan tamom.
Duolar qiymatin anglagan lahzang
Va gunoh yukidan tushsang qoʻrquvga;
Qargʻishlardan kelsa zilzila, larzang,
Boshlasang aytishni tushingni suvga —
Ulugʻlik muborak boʻlsin, azizim,
Ammo iztirobga hazir boʻlgaysan.
Iztirob — daryoga aylangan koʻzim,
Daryoga har kuni choʻkib kulgaysan.
Akrom MALIK
2025