← Barcha she’rlar

Eshitdim, men borsam koʻngling gʻash emish

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Eshitdim, men borsam koʻngling gʻash emish,
Turqimni koʻrmoqni xushlamasmishsan.
Boshqalar bazmida koʻngling xush emish,
Uzatsam, qoʻlimni ushlamasmishsan.

Boray desam, netay, sigʻmaydi haddim,
Ketay desam ortga yoʻl yoʻqdir aslo.
Egilib boradir dol kabi qaddim,
Meni suyay olmas birorta aso.

Seni topgunimcha yutgandim zahar,
Topgach qanday goʻzal huzurga botdim.
Hatto aqlim buni qilmasdi bovar –
Holbuki, toʻsatdan seni yoʻqotdim.

Endi oyoq osti – changib yotibman,
Har kasga sharmanda – gangib yotibman.

Akrom MALIK