Odamlar aytsalar olqish, ofarin

Odamlar aytsalar olqish, ofarin,
Aldanma xoʻrozqand soʻrgan boladek.
Taltayib maqtovlar eshitgani sari
Chopma tayoq otda yurgan boladek.
Zotan, shon-shuhrating erur muvaqqat,
Odamlar madhining baqosi yoʻqdir.
Sha’ningga qarsaklar ursalar qat-qat,
Alarning zarracha vafosi yoʻqdir.
Oʻylama, kerakli odamman deya,
Oʻylama, kimlardir menga muhtoj deb.
Ustun boʻlsang, koshki, osmonni suyab,
Quyoshni boshingga qoʻyolsang toj deb.
Sensiz ham oʻtadi kun-u tun tinmay,
Sensiz fasllar ham almashar sobit.
Istasang, rozi boʻl, istasang, koʻnma –
Borliging hech gʻamni aylamas soqit.
Bormisan, yoʻqmisan, zamindir befarq,
Falak eshitmagay ovozingni hech.
Olamda eng katta haq shulki, mutlaq
Ma’nosiz da’vo-yu dostoningdan kech!
Oʻzingcha havoga aldanma, jigar,
Shaytonga ergashib shishavermagin.
Bir kun aziz boshing devorga tegar,
Nafsing tuzogʻiga tushavermagin.
Koinot sahnida zarradekdirsan,
Senga berilmagan hukumat, hukm.
Agar koʻzing ochib, rosmana boqsang –
Aslida, hech kimsan, hech kimsan, hech kim!
Akrom MALIK