← Barcha she’rlar

Nabiylar yoʻliga havasmand, ey dil

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Nabiylar yoʻliga havasmand, ey dil,
Valiylar sulukin orzu qilgan zot!
Oʻzingni oʻlmasdan avval oʻlik bil,
Har kecha tuproqqa kirib yolgʻiz yot!..

Nabiylar izini aylab tamanno,
Valiylar qoʻlini oʻpmoq maqsading,
Bunday niyatlarni topgan hamono
Oʻzing-la kurashib oʻtgay fursating.

Avval xatolaring koʻrgaysan ravshan,
Barcha nuqsoningga boʻlgaysan iqror.
Anglab, ulkan zindon bu dunyo – gulshan,
Boqiy kengliklardan izlaysan qaror.

Toki bel bogʻlading buyuk safarga,
Toki shaylandingmi chin sharaf sari,
Yarador dilingni ochib saharga,
Tunlar yoʻl olgaysan ul hadaf sari.

Bora-bora oʻlgay dunyoga havas,
Bora-bora tugar har ne ehtiyoj.
Bilgaysan – nabiylar uchragan sinov
Senga kelmaslikka yoʻq erur iloj!..

Toki istagaysan Haqning qurbatin
Haq ahlin yoʻlidan, albat, oʻtgaysan.
Har nabiy simirgan xorlik sharbatin
Sen ham qadah-qadah, bir-bir totgaysan.

Akrom MALIK