← Barcha maqolalar

Kelin sabrli, tili shirin, yuzi ochiq, chaqqon, ozoda boʻlsa, olam guliston. Hech…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Kelin sabrli, tili shirin, yuzi ochiq, chaqqon, ozoda boʻlsa, olam guliston. Hech bir qaynona oʻgʻlimning oilasini buzaman demaydi, qaynonaning dakkisi — asal, tarbiyasi — ne’mat. Kelinlar yoshlik qilib, xato qilmasinlar. Qaynonaning arazlagani, achchiq gapi menga shirin gapir, sidqidildan xizmat qil, esingni yigʻ, seni yaxshi koʻraman degan mujdasidir. Qaynona kelinga ichki bir muhabbatli boʻladi, bunga shubha yoʻq, faqat buni bildirmaydi. Shu sababli kelinlar koʻnglini quyoshdek porloq qilsa, yuzini oydek nurli etsa, butun oila ofiyatdadir.
Koʻngilni olmoq kifoya. Zotan, dunyodagi eng nozik koʻngil — qaynona koʻnglidir.
Qaynonalar kelinlarini qizlaridan ham, oʻgʻlidan ham koʻproq yaxshi koʻradi. Bu muhabbat qaynonalik deb atalgan parda bilan yashiringan, xolos.
Kelin qaynota bilan samimiy, ayni paytda rasmiy va jiddiy, masofali muomala qiladi — salom-alik va hol-ahvol so'rashdan narigi o'tmaydi, qaynotaga qo'ng'iroq qilish, telegram orqali yozish, bitta umumiy guruhda bo'lish an'anaviy o'zbek oilasi qoidalariga teskaridir, shuningdek, kelin qaynog'a, qaynisi bilan ham ko'rishmasligi, salomlashmasligi, bitta joyda qolmasligi, bir dasturxonda o'tirmasligi eski odob va eski odatlar orqali kelmoqda. Shunday ekan, kelin pochchalari va shu kabi barcha erkaklar — eri, qaynotasi, otasi, amakisi va tog'alaridan boshqa erkaklardan o'zini uzoq, parda ortida tutishi milliy urfimizda mavjud bo'lgan qonunlardan hisoblanadi, ana shu qonunlarga amal qilinsa, oila turli fitnalardan omon bo'ladi, chunki ajdodlarning odatlari bir kunda emas, asrlar davomida shakllanib, sinalgandir.
Biz mumtoz oila haqida gapiryapmiz, mumtoz oilalarda ana shunday qoidalarga amal qilingan. Bugun kelinning turli qarindosh erkaklar bilan o'pishib ko'rishishlari esa bizga yot bo'lgan ishlardandir.

Akrom MALIK