Hech qachon qandaydir jamoalar tuzishga urinmagan yaxshi. Har qanday jamoaning…

Hech qachon qandaydir jamoalar tuzishga urinmagan yaxshi. Har qanday jamoaning ichida xoinlik yashaydi. Odam jamoasiga ishonsa, xor va zalil bo'ladi. Jamoa degani faqat manfaat ustida mavjuddir. Qornini to'ydirib va biroz yaxshi gap bilan xursand qilinsa, hamma jamoaga birlashaveradi. Jamoaning boshqargan odam insofli va ma'rifatli bo'lsa, bu narsa atrofdagilarga asar qilib, ular ham shu qiyofani taqib yurishadi. Ammo boshqaruvchi johil bo'lsa, u jamoa vahshiylar to'dasidan farq qilmaydi.
Ikki odamning boshini g'oya asosida biriktiraman degan xayol xomdir. G'oya emas, och qorin va ovqat biriktiradi. G'oya yagona odamda bo'ladi, xolos. U jamoaning ildizidir, lekin o'sha jamoa ikkilanmay bu ildizni kesib tashlay oladi.
Jamoaning ahilligi va birdamligidan eng ko'p gapirgan eng birinchi bo'lib qochuvchidir. Odamlar to'dasidan najot kutmaslik oqillarga xos.
Albatta, bu shafaqatsiz haqiqat qarshisida uzlat ixtiyor qilmaslik mardlarning kori. Shu odamlarga xizmat qilmoq va bu odamlardan igna ham kutmaslik. Yaxshilikni qilib daryoga uloqtirish. To'dalar meni qadrimni biladi deya oriflar aldanmaydilar. Mehr kutgan ozor koʻradi. Mehr kutmaslik ozor koʻrmaslik yoʻlidir.
Qornini to'ydirganni it qopmaydi, lekin odam qopadi, balki yeydi.
Odam bo'lib qolishning yo'li hammaga yaxshilik qilib, unutish; unutmaslik kerakki, kishi tabiatida kimga yaxshilik qilsa, shunga ilib qolish odati bor; qo'lingdan non yeganlarga ilib qolmasang, bas.
Akrom MALIK