← Barcha maqolalar

Taniqli bo‘laman degan o‘y qalbdagi kasallikdandir. Taniqli bo‘lmoq, shon-shuhrat…

Maqola · 4 daqiqa o‘qish

Taniqli bo‘laman degan o‘y qalbdagi kasallikdandir. Taniqli bo‘lmoq, shon-shuhrat – bir kishini ko‘pchilik bilishidir. Albatta, yaxshi sifatlar bilan bilsa, yana ham yoqimli: juda aqlli, ilmli, mehnatkash, chiroyli, baquvvat va hokazo. Hammamiz o‘zimiz haqimizdagi yaxshi so‘zlarni eshitishni sevamiz, ayniqsa, biz yo‘q joylarda aytilsa, ko‘pchilik ismimizni sharaflab aytsa, terimizga sig‘maymiz. Yomon gap hech kimga yoqmaydi, odatda, to‘g‘ri gaplar. Bizni biz haqimizdagi tuhmatlardan ko‘ra ayni haqiqatlar ko‘pincha jazavaga soladi. Ortimizdan gapirilsa-ku, gapirgan odam bilan tezda adovatlashamiz.
Gapni taniqli bo‘lmoq haqida boshlagan edik. Ming yil avval yozilgan kitoblarimizga ko‘ra, masalan, Rabg‘uziy hazratlarining “Payg‘ambarlar tarixi”dan ma’lum bo‘lishicha, Xudo aytadiki: “Men bir xazina edim va bilinmoqni istadim, keyin odamni yaratdim”.
Xudoning irodasi – O‘zini tanitish edi.
Masala haqida chuqurlashmay, imom G‘azzoliy hazratlari kitobida kelgan bir ma’noga diqqat qaratamiz: “Odamzodda rububiylik, hayvoniylik, shaytoniylik va rahmoniylik sifatlari bor”. Bu o‘rinda rububiylikni sharhlashimiz kerak, chunki mavzumizga ko‘proq aloqador – insonning o‘zini Xudoga o‘xshatishi bu rububiylikdir.
Xudo O‘zini maqtaydi, O‘zini maqtashga buyuradi, O‘zini maqtaganlarni yaxshi ko‘radi, O‘zini tanishga amr qiladi. Odam ham o‘zini maqtasa, maqtashlarini sevsa, o‘zini bildirishga urinsa, Xudo bo‘laman degan istakning tajalliysi shu bo‘ladi. Ana shu istakni butkul ichidan sidirib tashlash bilan inson Xudoga mahbub keladi. Bu boshqa masala, biz aytmoqchi gap taniqli bo‘lish haqida edi va biz uning ildizi to‘g‘risida aytib o‘tdik, buni arab tilida “hubbuz zuhur” – zuhur etishni sevmoq ham deyishadi.
Taniqlilik Xudoga xos. Hamma banda Xudoni tanishga majbur. Tanimasa, o‘ziga jabr. Odam bu ishni qo‘yib, o‘zini tanitish bilan mashg‘ul bo‘lsa, asta-sekin baxtsizlik changaliga tushaveradi.
Odamda shuhratga o‘chlik naqadar ulkan bo‘lsa, nafs shu qadar ulkandir. “Qanday tanilsam ekan?” – bu dard ila odam o‘zini har ko‘yga solaveradi. Uning yozgani, aytgani, sipo qiyofasi – barcha-barchasi tanilmoqqa yo‘naladi. Ijod deya taqdim qilingan ishning ichida g‘oya emas, men degan da’vo yangrab turadi. Shon-shuhratga o‘ch odamlar boshqalarining qiymatini ham shon-shuhrat miqdoriga qarab o‘lchaydi.
Taniqli bo‘lmoq – xatar. Eng avval, odam kibr va manmanlikka uchraydi. Uni e’tiborsiz qoldirsalar, ya’ni hech kim uni kuzatmay qo‘ysa, xafa bo‘ladi. Bugungi kunda – layk va har xil e’tiroflar yo‘qligidan qiynaladi. Keyin shon-shuhrat taxtini qaytarib olish uchun o‘zini har ko‘yga soladi. Shu tariqa odamda axloqiy sinish – o‘z-o‘zini xorlash, sharmanda qilish bosqichi boshlanadi. Shon-shuhrat sharobi shu qadar kuchliki, unga tobe odam hech qachon unga to‘ymaydi; bu sharobdan kuchlanadi va mast holda urinaveradi, ishlayveradi.
Taniqlilik orqali boshqalardan ustun bo‘laman degan kimsa oqibat insonlar ko‘zining va so‘zining qaramiga aylanadi. Kishilarning qarsagidan mast bo‘lib, o‘zini juda kulgili va achinarli tutadi. Aqli kamayib ketadi.
Lekin odamzodga tomosha kerak, xolos. Kishilarning juda katta qismi mashhurlarga tomosha uchun qaraydilar. Zerikmaslik uchun. Ertaga bu mashhur esdan chiqsa, boshqasiga mahliyo bo‘ladi. Shunchaki, och ko‘zlar va betayin so‘zlar. Boshqa hech.
Qalb va aql egalari ozdir. Asl ilmni qadrlaydigan, irfon va ma’rifat, ixlos va samimiyat sohiblari haddan tashqari kam. Ular kimnidir olim deb bilsalar, manfaat olish istagida quloq beradilar. Avom esa bu gapni rivoyat qilish, kamchiligini topish, maqtash yo haqoratlash uchun tinglaydi. Shu sababli bir voiz jon kuydiradi, tinglovchilar g‘oyaning mohiyatiga qaramaydi, gapiruvchi va gapni g‘iybat qilib tarqaladi.


Odamlarning diqqati, ularning ko‘pligi bilan maqsadga erishilmaydi. Asl insonlarni, asl qalb sohiblarini topib, ular ila rozlashmoqdan maqsad hosil bo‘ladi. Qirq tonna tuproqdan to‘rt gram tillo chiqqani kabi millionlab odamlar ichidan asl zotlar ham topiladi. Haqiqatda, nido ulargadir. Avom ham safsata bilan mashg‘ul bo‘lishidan ko‘ra ma’rifatli so‘zga quloq solgani avlo ko‘rinadi.
Gap ko‘payib, maqsad chetda qoldi, shekilli.
Aytilmoqchi xulosa shulki, pishmay turib o‘rtaga chiqma. Qanoting chiqmay, qichqirma. Haqiqatlarni anglab yetganingda gapirmaslikka kuch yetmaydi. Keyin esa gapirishga kuch yetmaydi. Hammaga hamma narsani tushuntiraman degan uvol bo‘ladi. Chin haqiqat kishini bosib qo‘yadi va lol etadi. Ya’ni sukut saqlaganlar eng kuchlilardir. Qolaversa, chin so‘z mo‘tabar bo‘lsa-da, aytuvchi uchun lazzat emas, azob keltiradi, xolos. Ozgina og‘riq bermaydigan va juda ham yoqadigan jumla qip-qizil yolg‘ondan iborat bo‘lishi juda katta ehtimoldir.

Akrom MALIK