Insonlarning aksari o‘zlari xohlagan narsalarga ishonadilar. O‘zlari haq deb bilgan…

Insonlarning aksari o‘zlari xohlagan narsalarga ishonadilar. O‘zlari haq deb bilgan narsa uchun dalil izlaydilar. Qalbida mavjud shubhani haqiqat deb tasdiqlaydigan isbotni axtaradilar. Shul sabab, ko‘ringan narsa va hodisalarni qalblaridagi gumonning tasdiqi deb qabul qilib, ergashadilar. Aslida, inson o‘z o‘yi, ra’yi va istaklarini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, haqiqatning o‘zini topish va uni anglashga g‘ayrat qilmog‘i lozim. Haqiqat insonning nafsi, aqli va qalbidagi narsalarga ters bo‘lishi ehtimoli katta. Ko‘ringan narsa ko‘ringandek bo‘lmasligi, eshitilgan narsa eshitilganidek bo‘lmasligi mumkin. Yashil yaproqqa o‘rangan va salqinlik baxsh etayotgan daraxtning bag‘rida olov bor desa, aql qabul etadimi? Holbuki, har bir daraxtning tanasida olov yashaydi. Buning ikki isboti bor: daraxt suv ichmasa, quriydi, uni quritgan narsa ichidagi olovdir. Ikkinchi isbot shulki, quruq daraxt shoxlari ishqalansa, undan o‘t chiqadi. Zohiran daraxt olovdan uzoq tuyulsa-da, botinan u olovning qarorgohidir.
Bu kabi misollarni yana keltirsa bo‘ladi: olamdagi barcha yaratiqlar ichidan olov-u, havo-yu, suvni topsa bo‘ladi va hokazo. Aytilmoqchi gap shulki, har narsaning zohiri u haqidagi haqiqatni anglatmasligi tabiiydir.
Maqsadga qaytsak. Maqsad – insonlarning aksari haqiqatni izlamasliklari va nafslariga yoqqan narsani haqiqat tasbit etib, unga atrof-javonibdan dalil axtarib topishlari haqida bayon qilmoq edi. Odam gohida tilida diliga zid so‘zni aytadi. Sababi – jamiyat nimani yaxshi deb bilsa, shuni yaxshi; yomon deb bilsa, shuni yomon deb aytish, ya’ni taqlid tabiatidir. Odam ko‘pincha ommaga ergashadi; buni o‘zi anglamaydi, holbuki, u ommatan yog‘dirilayotgan yolg‘on va hiyla yomg‘iridan qonib ichib, shu ichganlarini qusayotgan bo‘ladi, xolos. Masalan, minbarga chiqib olganlar biz cho‘kyapmiz deb hayqirsa, pastdagilar ham jo‘r bo‘lib shunday hayqirishadi. Biz najot topyapmiz deyilsa ham, yana takrorlashadi. Aqllari buni tasdiqlagandek tuyuladi. Holbuki, u aql minbardagi odamning taqdim etgan dalillar va tahlillariga suyanib turibdi, xolos. O‘zi hech narsani topgani, anglagani yo‘q.
So‘z uzaymoqda, maqsad chetda qolyapti. Maqsad – odamlar nafslari istagan narsani haqiqat deb bilishlari haqida aytish edi. Eng qizig‘i, odamlar nafslari istagan narsani qanchalik yashirmasinlar, ular bu narsani ikki nuqtada yuzaga chiqaradilar, bu ularning ixtiyori bilan bo‘lmaydi. Birinchi zuhur ularning ishlaridir. Inson dilidagina yashirib, o‘zini har qancha pokdomon tutmasin, amallari uning nafsidagi istak va haqiqatni ko‘rsatadi. Ikkinchi zuhur ularga bo‘lgan munosabatdir. Ko‘p holatlarda odamlarga ular istagan narsa taqdiri orqali keladi. Agar uning gumoni yaxshilikka bo‘lsa, yaxshi narsalar; yomonlikka bo‘lsa, yomon narsalar; gunoh bo‘lsa, gunohlar; savob bo‘lsa, savoblar keladi. Shunday qilib, inson nima uchun men bunchalik aziyat chekyapman demasin, shunchaki, uning ichidagilar qarshisidan chiqib kelyapti, xolos. Ya’ni nolish va kimlarnidir ayblashdan avval odamzod o‘z qalbi daftarining varaqlariga toza va pokiza so‘zlarni yozmog‘i kerakki, u bu so‘zlarni taqdir yo‘llarida o‘qib borishga majbur.
So‘zlar chalkashgandek. Qasd qilingan ma’no qayoqqadir qochgandek tuyulyapti. Aralash taomlar va nopok ovqatlar odamni xasta va halok etgani kabi har xil so‘zlar va tekshirilmagan, tasdiqlanmagan ma’lumotlar; hayosiz tasvir va ovozlar, umuman shu kabi narsalarning hammasi ko‘z va quloq quvurlaridan qalb qudug‘iga oqib tushadi va qalbni, alaloqibat butun vujudni buzadi. Qalb buzilsa, u harom narsalarga mayl qiladi; nafs qutursa, inson uni bo‘ysundira olmay qoladi; aql adashsa, odam to‘g‘ri qarorlardan uzoqlashadi va hokazo.
Endi nima demoqchi edik, yaxshisi, raqamlab aytaylik, esimizda yaxshiroq saqlanmog‘i uchun:
1. Nafsimizga emas, haqiqatga ergashsak, ma’qul.
2. Nolimay va norozi bo‘lmay, qalbimizni tuzatishga, ichimizni tozalashga uringanimiz yaxshi.
3. Ko‘z va quloqlarimizni tiyish bilan ichimizni pok tutishga muvaffaq bo‘lamiz.
Akrom MALIK