Begonalar
Ikki oʻgʻrining tavbasi juda gʻalati kechdi: bolaligidan choʻntak kesib, el molini oʻmarib katta boʻlgan bu mardum Mulla Gʻani pirning oyogʻiga oʻzini tashladi: dod, tavba qildik deyishdi.
Mulla Gʻani odamlarning tavba-tazarrulariga oʻrgangan. Ibodat va zikr daryosida yurgan bu odam oʻzidagi fayzni bilar edi. U gunohkorlarning nadomatlarini viqor ila qabul etib, ularni sulukka irshod qilar edi.
Nafaqat oʻgʻri, balki gʻar va xunasalar ham pirning huzurida tavba jomini koʻtaradi. Ularning haqqiga duo qilish va Haq zikriga shoʻngʻish pirning ishi.
Ikki oʻgʻrining biri Qobil, biri Horun edi. Ikkisi yeng shimarib xizmatga kirishdilar: pirning hech bir jihatdan ehtiyojini qoldirmadilar. Ayniqsa, Qobil oʻzdi: u pirning koʻrar koʻzi, eshitar qulogʻi boʻldi. Horun esa boshqa ishlar bilan band edi.
Qobilda oʻgʻrilikdan asar ham qolmadi: u butkul zohid va orif qiyofasiga kirdi. Va’z va nasihatlariga oshufta boʻlmaganlar yoʻq edi.
Horun dalada ishlar, lekin ichidan toshib keladigan bir hisdan hayron edi: negadir boshqalarning mulkini olgisi kelar, ammo tavba qilib yigʻlar edi. Ba’zan kimningdir mulkini soʻroqsiz olib, bir aylanib kelib, joyiga qoʻyar, shu bilan taskin topar; va amin ediki, albatta, bir kuni bu balodan ham qutuladi.
Horunning qiligʻini koʻrganlar hayron qolishdi: oʻgʻri desa, oʻgʻri emas; lekin ishi gʻayritabiiy. Gap chuvalashib pirga yetib bordi.
Pirga yetkazgan ham Qobil boʻldi.
“Nahot, oʻz ishiga pushaymon emas? Nahot, tavba ahdini buzgan boʻlsa?” – soʻradi pir Qobildan.
Qobil aytdi:
“Men bilgan Horun albatta, oʻsha eskini hunarini qilgan. U oʻzini bundan tiya olmas edi!”
Pir oʻyga botdi: “Negadir har safar Horunni koʻrsam, qalbim oʻziga kelmayapti. Lekin uni oʻgʻri deyish mushkul. Dalil sobit emas”.
Qobil shu kecha Horunning kulbasiga bordi. Qattiq yomgʻir yogʻar edi.
“Noming oʻgʻriga chiqibdi. Bir yildan beri pirim buni bilar edi. Seni koʻrsalar, qirq kungacha qalblari oʻziga kelmas ekan”, – dedi.
Horun oʻzidan ketib qoldi.
Hushiga kelgach, koʻzi jiqqa yosh: “Men sababli qalblari azob cheksa, sovuq chehramni aslo koʻrmasinlar!” – deya oʻkirib yigʻlab qishloqdan chiqib ketdi.
Qobil Horunni oʻgʻri deya mirshabga aytdi. Shu tunda Horunni qoʻlga oldilar, birvarakayiga bir necha kishi uni oʻgʻri dedi.
Horunning qoʻlini kesishdi. U ogʻriqqa chidamay oh dedi-yu, hushini yoʻqotdi. Sachragan qon buni kuzatib turganlar ichidan Qobilning yuziga tegdi. U sallasining pechi bilan qonni artdi.
Mahkumning qolgan choʻltoq qoʻlini qaynab turgan yogʻga tiqishdi. Shu bilan qoʻl kesilgani haqida butun a’zoyi badani bildi. Qon ham toʻxtadi. Odamlar bu tomoshani maroq bilan koʻrishdi. Hamma Horunni oʻgʻri dedi.
Yarim soatlarda Horun hushiga keldi. Kesik qoʻlini sogʻ qoʻliga oldi va odamlar orasidan indamay chiqib ketdi.
Mulla Gʻani hammasidan xabardor edi. U muridini oʻgʻri yo oʻgʻri emas deya olmas darajada ikkilanishda qoldi.
Horun shahardan chiqib ketdi. Boshi oqqan tarafga ketdi. Bir mahal bir xarobaga borib qoldi. Qarab koʻrdiki, bu yerdagi hamma odamning bitta qoʻli yoʻq edi. Qoʻlsiz odamlarning hammasi Horunga bir dam sukut bilan nafas yutib qarab qoldilar, soʻng birdan dod deya Horunga otildilar. Horun ham chiday olmay faryod qildi: ichiga choʻgʻ boʻlib toʻlgan oʻksinish va azob boʻgʻzidan otildi. Uning hech qayerdan davo topmagan yarasi hamdardlar qoshida yorilib ketgan edi. Uning dardi va ogʻrigʻiga begona kaslar uning ustidan kulgan edilar, ammo majruh gʻariblar uning azobini juda yaxshi bilar edilar. Bu oʻrinda tillar emas, koʻzyoshlar gapirdi.
Akrom MALIK