← Barcha maqolalar

Inonch

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

(Tarixga bitilgan haqiqat)

Hoqon sizni chaqiryapti deyishgach, Botir Boshchi hammasini tushundi: hukmdor saltanatini kengaytirishga qaror beribdi. Chunki olti oy avval Issiqko‘l bo‘yidagi ovda Hoqon: “Sarhadlarni kengaytirmoqchiman, nima deysan?” – deb so‘ragan edi. “Eng avval lashkarni qattiq mashq qildiring, keyin asta-sekin ularni ko‘paytiring, lashkarning oziq-ovqat va qurol-yarog‘ini, ot-ulovini ta’minlang. Hammasining orasi bir-biriga aniq tartib bilan bog‘lansin: lashkar uchun temirchilar har kuni qilich, kamon, paykon, nayza, qalqon yasashsin; chorvador va dehqonlar go‘sht, arpa va bug‘doy yetishtirishin, bu sira uzilmasin. Shundan keyin qayernidir saltanatga qo‘shib olish haqida bosh qotirish mumkin”, – degan edi Botir Boshchi. Botir Boshchi uchta hoqonga xizmat qilgan: esini tanibdiki, lashkar ichida. Urush qilish, qo‘shin tuzish, reja va makr o‘ylab topishda usta. Oldingi hoqon negadir uni saroydan uzoqlashtirdi; biror vazifa bermadi; Botir Boshchi Oltoy tog‘larida o‘zi bilan o‘zi qilich o‘ynatib, kamon otib yuraverdi; hech bir narsaga aralashmadi; yangi Hoqon esa uni so‘ratdi va birinchi suhbatdayoq maqsadini bayon qildi. Hozir Hoqondan xabarchi kelgach, Botir Boshchi endi uning xizmati kerakligini his etdi.
... Hoqon keng chodirda u yoqdan bu yoqqa borib kelar edi. Botir Boshchi kirib ta’zim qildi.
– Botir Boshchi, – dedi Hoqon ko‘zlari chaqnab. – Qaror qildim, jangga chiqamiz. Sen lashkarboshi bo‘lasan. Qaysi o‘lkaga yurish qilishni ham o‘zing aytasan.
Botir Boshchi jim qoldi. Uning sukuti Hoqonga yoqmadi.
– Maqsadim buyukligiga shubhang bormi? – dedi jahli chiqib.
– Aslo, Hoqonim, – dedi ehtirom bilan Botir Boshchi. – So‘nggi tomchi qonim qolgunicha xizmatingizdaman.
– Unda nima istayapsan? Nega jimsan? – dedi Hoqon biroz hovuridan tushib.
– Donishmand Ko‘kaman haqida eshitganmiz... – dedi Botir Boshchi.
– Kim ham eshitmagan uni! – dedi Hoqon lashkarboshining muddaosini anglamay.
– Uning eng ishongan shogirdi bor edi. Ismi Tog‘alp. Tog‘alp Ko‘kamanning o‘ng qo‘li, balki ishongan bog‘i, suyangan tog‘i edi. Tog‘alpning ovulida yana biri bor edi. Uning ham ismi Tog‘alp. Ana shu otdosh odam o‘ldirib qo‘yibdi. Qozi uni qamabdi. Bir odam bizning Tog‘alpning onasi huzuriga kelib, “O‘g‘ling odam o‘ldiribdi!” – debdi. Kampir urchuq yigirib o‘tirgan ekan. “Yo‘qol, yolg‘onchi!” – deb haydabdi xabarchini. Yana bir odam yarim soat o‘tmay kelib, kampirga o‘g‘ling odam o‘ldiribdi debdi, kampir ancha o‘yga botib qolgan ekan. “Bor-e”, – deya olibdi, xolos. Yana biroz o‘tib uchinchi kishi kelib shu gapni aytgan ekan, kampir mening bunday o‘g‘lim yo‘q deya urchuqni otib uydan qochib ketibdi.
Botir Boshchi jim qoldi.
– Nima demoqchisan? – dedi Hoqon yana.
– Hoqonim, men donishmand Ko‘kamanning donishmand va pokiza shogirdi Tog‘alp emasman. Siz ham meni Tog‘alpni onasi yaxshi bilganchalik bilmaysiz. Ertaga kimlardir, men qo‘shinga bosh bo‘lgach, kelib yomonlasa, har xil bo‘lmag‘ur gaplar aytsa, ularga ishonib, mening boshimni uzmasligingizga kim kafil bo‘ladi?
Hoqon Botir Boshchini endi tushundi.
– Ya’ni siz menga to‘liq ishonmasangiz, lashkarni boshqara olmayman. Lashkarni jangga boshlay olmayman. Menga to‘liq ishonasiz, hech qanday ig‘voga ishonmaysiz. Faqat men bergan axborotni qabul qilasiz, mendan shubha qilmaysiz, keyin qo‘shinga bosh bo‘laman va sizga siz istagan hamma joyni bo‘ysundirib beraman!
Endi hammasi ravshan edi. Hoqon chuqur o‘yga toldi va keksa jangchiga ketaver dedi.
Ikki kundan keyin Botir Boshchini chaqirdi, sen aytgandek bo‘ladi dedi.
... Bir yildan oʻtib, Botir Boshchi Hoqonga u istagan yerlarni to‘liq egallab, taqdim qildi.

Akrom MALIK