Qalam – Xudo bergan ne’mat. Qalam der ekanmiz, badiiy, ilmiy ijod, nutq, va’zlarni…
Qalam – Xudo bergan ne’mat. Qalam der ekanmiz, badiiy, ilmiy ijod, nutq, va’zlarni eslaymiz. Romanlar, qissalar, hikoyalar; she’rlar, qasidalar, dostonlar va hokazo.
Qalam hammaning qo‘liga berilgan emas. Xudo kimni istasa, unga qalam beribdi. Qo‘liga qalam berilgan uni olishda ixtiyorsiz bo‘lgani kabi uni tashlashda ham ixtiyorsizdir. Yozish dardiga chalingan insonning bu darddan qutulmog‘i imkonsiz. Fitratiga yozish sifat o‘laroq sabt qilingan ekan, odam bolasi yozish istagi oldida ilojsiz qoladi.
Morboz o‘limi mordan, dorboz o‘limi dordan deganlaridek, qalamkash o‘limi qalamdan bo‘lishi ham muhtamaldir. Ya’ni qalam tutgan qalamni xato yo‘lga safarbar qilarkan, albatta, uning azobiga o‘zi giriftor bo‘lg‘ay.
Shul sababdan qalamni to‘g‘ri maqsadlarga to‘g‘ri niyat ila qo‘llamoq lozim. Qalamning maqsadi – haqiqatlardan odamlarni ogoh etmoqdir. Haqiqat shulki, inson o‘zini to‘g‘irlamas ekan, hech narsa to‘g‘ri bo‘lmagay. Olam sening qalbing bilan gaplashadi. Qalbingda bori senga yuzlashadi. Qadaringda ro‘y bergan har bir ish qalbingdan chiqib kelmish. Qalbingni tuz tut. Qalbning tuz bo‘lmog‘i rostgo‘ylik, adolat, samimiyat, jasorat, insonsevarlik, go‘zal xulq, sabr, tahammul, shukur, yaxshilik, muhabbat, hikmat, vazminlik, shafqat, kamtarlik, xokisorlik, yumshoqlik, shijoat, tafakkur, qanoat, insof, hayo kabi xislatlar bilan namoyondir. Yolg‘onchi – baxtsizdir; zolim – qabihdir; ikkiyuzlamachi – tubandir; qo‘rqoq – xordir; insonlarni sevmaydiganning qismati – sevgisizlikdir; xulqi xunuk bo‘lgan – yolg‘izdir; sabrsiz –yo‘lsizdir; tahammulsiz – sharmandadir; shukursiz – mahrumdir; yaxshiliksiz – yomondir; yengiltak – qadrsizdir; kaltafahm – notavondir; rahmsiz – azobga mubtalodir; takabbur – ahmoqdir; diydasi qattiqning qalbi qattiqdir; shijoatsiz bo‘shang – tushkundir; tafakkursiz – johildir; ochko‘z – oyoqostidadir; insofsiz – quvilgandir; hayosiz – nafratga uchrovchidir.
El-ulus go‘zal xulq va hikmatga muhtojdir. Go‘zal xulq va hikmatsiz hech maqsad hosil bo‘lmas. Qalam insonlarga go‘zal xulq va hikmat eshiklarini ochmog‘im lozim.
Qalam faqatgina insonning shaxsiy dardlari ifodachisi emas, yoki u kishilarni ayblash uchun vazifalanmagan, bil’aks, u xalq uchun haqiqat sari boradigan yo‘lni ko‘rsatuvchi mash’aladir. Haqiqat – nurdir, senga sakiynat va halovat, zavqu shavq, huzur va ishtiyoq baxsh etadigan kashfiyotdir.
Nazarimda, qalamning vazifasini to‘g‘ri angladim. Anglaganim ulug‘lar sahifasi mutolaasidan hosil bo‘ldi. Qalbingizga sirdosh, yo‘lingizga yo‘ldosh, mashaqqatlarda qo‘ldosh bo‘ladigan so‘zlarni Xudoyim ko‘nglimga ilhom etishiyu va uni sizlarga yetishidan umidvorman...