AyTi yoʻnalishida talabaman.
AyTi yoʻnalishida talabaman.
Ikki oydan oshiqroq vaqtdan buyon turkiy tilni ustoz Akrom Malik boshchiliklarida oʻrganib kelyapman.
Tarix, til va adabiyotlarga qiziqqanim sabab turkiy tilni oʻrganishni boshladim. Ana shu ilmlarni asl holida oʻqib oʻrganishga ne yetsin!
Mana shu ikki oy davomida Ustozning nazoratida boʻldik, tushunmaganimizni soʻradik, Ustoz ham erinmay javob berdilar.
Har hafta maʼlum bir kunda Ustozning ilmga, odob-axloqqa chaqiruvchi suhbatlaridan bahramand boʻlib bordik.
Aynan menga yetishmayotgan narsa yoki ichimda qandaydir ilm bilan men oʻzimni oʻrtamda parda bor edi. Ustozning suhbatlarini eshitib qalb pardasi qancha boʻlsa ham koʻtarildi. Ilmga shavqim oshdi.
Alloh taologa beadad shukrlar boʻlsinki, Ustozning yordamlari bilan hozir deyarli oʻzim oʻqiy oladigan darajaga chiqdim. Bu maqtanish emas, shunchaki har kunlik intizom bilan aytilgan vazifani bajarish mahsuli deb bildim.
Lekin bu yoʻlda biz koʻrmagan, bilmagan koʻp narsa bor, boshida hovliqib qolish maʼqul emas.
Bizdan keyin ham oʻrganuvchilarga maslahatim, bu turkiy tilni oʻrganing, hech boʻlmaganda eng kamida vaqt behuda ketmagan boʻladi. Yana intizom shakllantirasiz, diqqat susaygan dunyoda diqqatni kuchaytirasiz, oʻqish koʻnikmasi shakllansa fors, arab tillarini oʻqishda ham yordam boʻladi.
Va eng muhimi, bu ilm – kalit. Agar, nasiba boʻlib, “Ustodi avval” kitobini oʻqib boshlasangiz, ushbu hikoyaga duch kelasiz:
"Bola otasining koʻzoynak taqib kitob oʻqiyotganini koʻrdi. Shunda otasiga aytidiki: "Otajon, menga ham koʻzoynak olib bering kitob oʻqiyman!"
Otasi: "Xoʻp, oʻgʻlim, men sizga bolalarning koʻzoynagidan olib beraman!" – deb alifbo kitobini olib berdi va aytdiki: "Bu alifboni oʻqib katta kitoblarni oʻqiy olasiz!"
Shunga oʻxshab, bu turkiy alifboni oʻrganishni boshlasangiz, katta kitoblar uchun koʻzoynak boʻladi.
Sulton OʻRINBOYEV