← Barcha maqolalar

O‘z nazmining rutbasi poyasin ti’dod qilur va har biriga martabaye isnod qilur

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Navoiy she’ri to‘qquz baytu, o‘n bir bayt, o‘n uch bayt
Ki, lavh uzra qalam ziynat berur ul durri maknundin.

Bukim albatta yetti baytdin o‘ksuk emas, ya’ni
Tanazzul aylay olmas rutba ichra yetti gardundin.

Sharh:

“Farhod va Shirin” dostonining muqaddimasida ma’nolar dur va gavharga qiyos etiladi. Ma’nolar olami haqida Aziziddin Nasafiyning “Komil inson” kitobidan ma’lumot olasiz.

Birinchi baytda deyilmoqdaki, hazrat Navoiy durri maknun, ya’ni sara durlar bilan lavhga ziynat beradi. Durri maknundan murod ma’nolardir. Ma’no bu haqiqatning oʻzagi, oʻzgarmas mavjudiyat, hamma narsaning zoti saqlanadigan xazina.

Ma’nolarni insonlar koʻrmaslar. Alloh kimga fayz bersa, uning basiyrati ma’nolarni koʻradi va shaklga solib taqdim etadi. Ya’ni ma’nolarga soʻzdan libos kiydiradi.

Navoiy bu qit’ada oʻz gʻazallarining baytlari miqdoridan xabar beryapti. Eng kichik gʻazali yetti bayt, eng yirigi oʻn uch bayt. Yetti bayt boʻlishining sababi hazrat Alisher Navoiy oʻz she’rining qiymati va martabasini bildirmoqda.

Olamda eng baland martaba yettinchi falakdir. Yettinchi falak koinotning eng yuksak nuqtasidir.

Alisher Navoiy hazratlari she’rlari oʻta nozik va ulkan haqiqatlarni, pok va bemisl ma’nolarni aks ettirgani uchun ularning maqomi yetti gardun qadar baland ekanligini aytmoqda.

Uning she’rlari qadri hech qachon yetti falak maqomidan pastlamaydi. Gʻazalining yetti bayti ana shu haqiqat ifodasidir.

Modomiki, uning eng kichik gʻazali shu qadar yuksak darajali ekan, undan yirikroqlarini tasavvur qilavering!..