Hamisha sizlarni eslab, haqqingizga duo qilmoq biz shogirdlar burchidir. Ammo…
Hamisha sizlarni eslab, haqqingizga duo qilmoq biz shogirdlar burchidir. Ammo maxsus kun ustozlar uchun atab ajratilsa, bu baribir yaxshi ekan – bevafo dunyoning changalidan bir muddat ajralmoq, sizlarni ziyorat qilmoq va yana bir bor diydorlaringizdan bahramand boʻlmoq mumkin boʻladi.
Ustozsiz hech ish yoʻq. Ustozsiz hech bir eshik ochilmas. Ustozsiz olam zulmatdir.
Bugun muallim va murabbiylar kunida xotiram kitobini varaqlab, har bir ustozimni esga olgim va ular menga nimalarni oʻrgatganlarini zikr qilgim keldi.
Eng avval maktabda menga harf tanitgan va qoʻllarimdan ushlab, yozishni oʻrgatgan muallimam — Salimaxon opa Norxonovadir.
Intizom, tartib va fidoyilik Salimaxon opaning butun vujudiga singib ketgan edi. Men uchun u kishi hamisha tom ma’noda klassik muallima boʻlib qoladilar.
Maktab direktori Dadaxon aka Otaxonov, u kishining qizlari E’tiborxon opa;
meni doimo qoʻllab-quvvatlagan til adabiyot muallimamiz Muqaddas opa Dadaboyeva;
ijodkor boʻlishimni hammadan koʻp istagan Dilnavoz opa Shokarimova;
tarix faniga muhabbat uygʻotgan Muyassar opa Ergasheva;
oqila va donishmand muallimam Matluba opa Mirsoatova;
menga favqulodda oʻta ixlosli boʻlgan rus tili ustozlarim
Dilfuza opa Tursunova;
Dilfuza opa Qudratova;
Shahlo opalar;
kimyo ustozlarim Dilnoza opa;
Dilfuza opa Jumaboyeva;
oʻta madaniyatli va chuqur ilm sohibasi til va adabiyotdan ustozimiz Dilafruz opa Jumaboyeva;
dunyoqarashimni rosmana hayotga moslashmogʻida xizmat qilgan ustozlarim Umrzoq Norboyevich, Baxtiyor Isroilovich;
yozish mahoratini va tahrirni oʻrgatgan ustozlarim Anvarxon aka Ahmedov, Sobirjon aka Inomov;
gazeta ishidan ta’lim bergan Toʻxtamurod aka Hasanboyev –
bu muhtaram ustozlarimning barchasi dorulfununda talaba boʻlgunimcha menga yoʻl-yoʻriq koʻrsatganlar, ilm berganlar.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida akademik Shuhrat Sirojiddinov;
mumtoz adabiyotdan Dilnavoz opa Yusupova;
ma’rifatchilik adabiyotidan Nurboy Jabborov;
jahon adabiyotidan Uzoq Joʻraqulov;
kamtar inson rahmatli Dilmurod Xoldorov;
adabiyotshunoslik nazariyasidan Bahodir Karim;
adabiy tanqiddan Abdugʻafur Rasulov;
qadimgi davr adabiyotidan Nasimxon Rahmon;
folklordan Omonulla Madayev;
tasavvuf tarixidan Hamidulla Boltaboyev;
odob va axloqdan Abdumurod Tilavov;
matnni tushunish va sinchiklab asosli tahlil qilishdan Rashid Zohid;
tilshunoslikdan Abdurauf Roziqov rahmatli domlam hamda Baxtiyor Mengliyev;
hayotimning har qadamida yoʻl koʻrsatib, har tomonlama ibrat boʻlgan navoiyshunos ustozim Olimjon Davlatov kabi gigantlar ta’lim berganidan, ularning talabasi ekanimdan baxtiyorman.
Shunday buyuklardan saboq olishni nasib aylagan Allohimga hamdlar boʻlsin!
Vaqt oʻtib, oʻta adabsiz bir talaba boʻlganimni anglab yetdim.
Barcha quloqsizliklarimdan afsus va nadomatdaman. Tavbalar qildim.
Ustozlar qadri va maqomini bugun biroz anglagandekman.
Inson chin ma’noda shogird va ilm tolibi boʻlishi eng buyuk bir daraja ekani bugun menga kunday ravshan.
Men bu aziz zotlarni ustoz deb bildim, ular meni shogird desalar, bu kamina uchun bir iltifot boʻlur edi.
Shu onlarda ularga yoshlik va sarkashlik yuzasidan koʻrsatgan adabsizliklarimni afv etishlarini soʻrayman.
Barcha talabalarga aytgan boʻlardimki, ustozlarning hech birini ranjitmang. Qobiliyatingiz oshib-toshib ketsa ham, ma’lumotingiz miyangizni toʻldirib tashlasa ham, oʻzingizni bosing.
Bu ustoz kuchli, bu kuchsiz demang.
Oʻzingizga kerakli ilmlarni oling va ustozlarning ham ilmini, ham duosini oling!
Shunda aslo afsuslanmaysiz!
Aziz ustozlarim!
Sizlardan qarzdorman. Hech bir xizmat va minnatdorchilik bu qarzimni uzishga yetmaydi.
Bayramingiz bilan tabriklayman!
Umringiz uzoq boʻlsin, sharafingiz mudom yuksakda porlasin!
Xolis va fidoyi xizmatlaringiz bilan buyuk Vatanimiz, ulugʻ xalqimiz farzandlarini tarbiyalab, ta’lim berishdan aslo toʻxtamang!
Robbim barcha xayrli ishlaringizni qabul aylasin!
Ikki dunyoda yuzingiz yorugʻ boʻlsin!
talabangiz Akrom Malik.