← Barcha maqolalar

Qadrdonlarning xabari bor: "Ozod inson falsafasi" degan kitobni yozishni…

Maqola · 27 daqiqa o‘qish

Qadrdonlarning xabari bor: "Ozod inson falsafasi" degan kitobni yozishni boshlaganmiz.

E'tiboringizga 2-bobni havola etamiz.

Oldindan ogohlantirmoqchimiz: bu bobda ma'lumot juda ko'p va aslida, ular eng muxtasar, ya'ni eng qisqa ifodalangan ma'lumotlardir.

Shoshilmay o'qib chiqasiz degan umiddamiz.

Matn yuzasidan mulohazalaringizni yozib yuborarsizlar.

👉 @Akrom_Malikka_maktubBot


Ikkinchi bob

Moziyg‘a qaytib: odamning paydo bo‘lishi

Tarix haqidagi bilganlarimiz maktab darsliklari doirasida, xolos. Lekin u kitoblar ma’lumotnoma saviyasida. Hech bir darslik tahlil va tavsifni o‘rgatmaydi. Aksincha, fikrlab qo‘yma degandek, zich ma’lumotlarni qalashtiradi. Savol berma degandek, har bir gapni hukm ohangida aytadi.

Bugun qaysi makon, qaysi maqom va holatda ekanimizni bilish uchun, istasak, istamasak, moziyg‘a qaytib ish ko‘rishka majburmiz.

Keling, so‘zimizni kutubxonalar haqida boshlasak.

Dunyodagi eng boy va ahamiyatli kitob qo‘rg‘onlari qayerda joylashgan va ularda qanday kitoblar saqlanadi. Bizningcha, asosiy masalaga kirib borish uchun bu kabi masalalarda umumiy bo‘lsa-da, tasavvurlar bo‘lishi kerak.

Nari-beri 178 million 200 ming kitob-u bosma qilingan ishlar saqlanadigan kutubxona Washingtondagi Kongress kutubxonasida 78 yarim million dona qo‘lyozma mavjud. 5 million 800 ming dona xarita. O‘n olti million donaga yaqin fotosurat. 4 million 300 mingta atrofida yozilgan ovoz. E’tiborli nuqta – 78 yarim million dona qo‘lyozma.

Angliya poytaxti Londonda Britan kutubxonasi bor. 170 million donadan ortiq material saqlanadi. Hozirda 310 mingdan ko‘p yoki kam qo‘lyozma ro‘yxatga olingan.

Parijdagi Fransuz Milliy kutubxonasi fondi 40 milliondan ko‘p yoki kam narsa bor. Saytidan qancha qo‘lyozma saqlanishi haqidagi ma’lumotni topa olmadik.

Yana Londonda Budliyon (Bodlein) kutubxonasi ham qurilgan. 14 million dona material mavjud. Bu kutubxona Oksforddagi 22 ta kutubxonaning yaxlit tizimi sanaladi. Afsuski, buning ham saytida qo‘lyozmalar haqida ma’lumot berilmagan.

Bundan tashqari, Kembridj, Berlin, Vatikan, Peterburg, Iskandariya hamda Istanbulda ham ulkan kutubxonalar borki, ularning hammasida millionlab kitoblar saqlanadi. Jamlansa, ularda 600 millionta yoki undan ko‘p-kam material mavjud. Haqiqiy kitoblar soni 3 milliontaga borishi taxmin qilinadi.

Albatta, bu qo‘lyozmalarning hammasi ishonchli, foydalanishga yaroqli, tadqiqqa arziydi, xulosa beradigan manba deb bo‘lmagani kabi tarixiy hujjat sifatida foydalanish ham mulohazali. Gap insoniyat asrlar davomida o‘z tushunchalari, hayoti, o‘tmishi va kechmishini yozishga qiziqqanida. O‘zining qalbi va tafakkurini namoyon etib, qog‘ozga bo‘lsin, teriga bo‘lsin, toshga bo‘lsin, nimalardir yozib qoldirgani ahamiyatli.


Bugun tarixni o‘rganishning bir qancha manbalari mavjud. Kitoblar yagona manba sifatida qabul qilinmaydi. Shu manbalarning birinchisi moddiy ashyolardir. Ya’ni qazuvchilar qazib, izlanuvchilar izlanib har xil narsalarni topishadi. Masalan, suyaklar, sopol parchalari, qandaydir mayda-chuyda qurollar. Ularni puflab-puflab changdan tozalashadi. Keyin har xil apparatlar – uskunalar bor.

O‘sha uskuna topilgan dalilni kimyoviy jihatdan tahlil qilgan bo‘ladi-da, bu narsaning yoshi taqriban (taxminan desa ham bo‘ladi) falon yuz yilga teng aytib beradi. Shunga suyanib, narsa topilgan joydan yana u-bu narsalar izlashadi, qandaydir izlarni yana topishadi-da, bu yerda falon yillar oldin shaharmi, qishloqmi bo‘lgan deyishadi.

Idish-tovoq, kosa-lagan yoki qandaydir but yoki sanamlarga qarab, bu yerning aholisi falon dinga amal qilgan deyishadi. Shunday qilib, tarix degan fan paydo bo‘ladi – shaharlar tarixi, odamlar tarixi.

Shu kabi maymunlarning suyagini topib, bu yerda falon ming yil avval maymun-odam yashagan ham deyishadi. Negadir keyin ularning gapi mutlaq haqiqat deb qabul qilinadi-da, kitoblarga yozilib, maktab bolalari miyasiga quyiladi.

Yana bu ishlar ilmiy tadqiqot, fan deb ataladi. Undan ham qizig‘i, bu ilm va fanning xulosalariga deyarli hamma shubhasiz haq deb e’tiqod qiladi.

Moddiy ashyolardan tashqari eski xarobalar, eski qasrlar va shu kabilarni tarixchi olimlar dalil deb qabul etadilar. Undan keyin kitoblardagi gaplarga yuzlanishadi.

Dunyo tarixi haqida gap ketganda negadir Gerodotni tarix otasi deyishadi. Nega aynan Gerodot? Avvalo, Gerodot haqidagi ma’lumotlarni bir o‘qib chiqaylik:

Gerodot (mil. avv. 484–425) tomonidan yaratilgan “Tarix” asari Yevropa adabiyoti va ilm-fanida to‘liq saqlanib qolgan birinchi mukammal nasriy hamda tarixiy asar deb ishoniladi.

“Tarix” asari an’anaviy ravishda 9 ta kitobdan iborat deb qabul qilingan. Ushbu tartiblanish muallifning o‘ziga tegishli emas. Keyinchalik Iskandariya kutubxonasining matnshunos olimlari asarni mantiqiy va xronologik jihatdan 9 qismga ajratib, har bir kitobni yunon mifologiyasidagi 9 ta muza (ilhom parisi) nomi bilan atashgan. Quyida ushbu kitoblarning tarkibiy mazmuni keltiriladi:

I kitob (Klio): Lidiya podsholigi tarixi, Ahamoniylar davlatining vujudga kelishi va Kir II ning hukmronlik davri, uning massagetlar va ularning malikasi To‘marisga qarshi olib borgan urushi hamda halokati bayon qilinadi.

II kitob (Yevterpa): Qadimgi Misr davlati tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘lkaning tabiati, Nil daryosining xususiyatlari, xalqning urf-odatlari, dini va fir’avnlar tarixi geografik hamda etnografik jihatdan alohida batafsil tahlil qilinadi.

III kitob (Taliya): Fors shohi Kambiz tomonidan Misrning zabt etilishi, shoh Doro I ning hokimiyat tepasiga kelishi va u imperiyada joriy etgan soliq hamda ma’muriy tizim (satrapliklar) haqida ma’lumot beradi.

IV kitob (Melpomena): Skiflarning kelib chiqishi, ijtimoiy hayoti va tabiati hamda Doro I ning Skifiyaga muvaffaqiyatsiz yurishi bayon etiladi. Shuningdek, Markaziy Osiyoning ichki hududlaridagi saklar va issedonlar kabi xalqlar ilk bor tilga olinadi.

V kitob (Terpsixora): Frakiya va Makedoniya tabiati, shuningdek, yunon-fors urushlarining kelib chiqishiga bevosita sabab bo‘lgan Ioniya qo‘zg‘oloni va uning oqibatlari yoritiladi.

VI kitob (Erato): Ioniyalik qo‘zg‘olonchilarning uzil-kesil mag‘lubiyati, forslarning Yunoniston hududiga birinchi yurishi va miloddan avvalgi 490-yilda sodir bo‘lgan mashhur Marafon jangi tafsilotlari o‘rin olgan.

VII kitob (Poligimniya): Shoh Kserksning otasi Doro I vasiyatini bajarish maqsadida ulkan qo‘shin to‘plab Yunonistonga yurish boshlashi, Termopil jangi va podshoh Leonid boshchiligidagi spartaliklarning jasorati tasvirlanadi.

VIII kitob (Uraniya): Artemisiya va Salamin yaqinidagi dengiz janglarida strategik tashabbusning yunonlar qo‘liga o‘tishi hamda forslar floti ustidan qozonilgan muhim g‘alaba tahlil qilinadi.

IX kitob (Kalliopa): Plateya va Mikale janglarida fors qo‘shinlarining butkul tor-mor etilishi, yunon shaharlarining ozod qilinishi hamda umumiy g‘alaba bilan asarning yakunlanishi yoritiladi.

Antik davr an’anasiga ko‘ra, Gerodot asari bugungi kundagi kabi kitob (kodeks) shaklida emas, balki papirus o‘ramlarida (scrolls) saqlangan va tarqatilgan.

Tadqiqotlarda aytilishicha, dastlab matn ommaviy tinglashga mo‘ljallangan 28 ta logoi (mustaqil ma’ruzalar yoki og‘zaki hikoyalar turkumi)dan iborat bo‘lgan.

Gerodot o‘z safarlari davomida to‘plagan ma’lumotlarini shu mantiqiy qismlar asosida yunon polislari ahliga o‘qib bergan. Matn tili qadimgi yunon tilining Ioniya dialektida yozilgan bo‘lib, o‘ziga xos silliq va badiiy uslubga ega.

Zamonaviy nashriyot o‘lchovlariga ko‘ra, “Tarix” asarining umumiy hajmi tarjima, sharhlar va shrift o‘lchamiga qarab o‘rtacha 600 tadan 800 sahifagacha bo‘lgan hajmni tashkil etadi.

Gerodotning miloddan avvalgi V asrda muallif tomonidan yozilgan asl qo‘lyozma nusxasi (avtograf) saqlanib qolmagan.

Bugungi kunda ilm-fanga ma’lum bo‘lgan va ilmiy nashrlarga asos qilib olingan matnlar asosan O‘rta asrlar (Vizantiya davri) kitob ko‘chiruvchilarining mehnatlari mahsulidir. Matnshunoslikda ushbu qo‘lyozmalar kelib chiqishi va matn aniqligiga ko‘ra ikkita asosiy tarmoqqa (stemma) bo‘linadi:

Florensiya yoki Roman guruhi (Stemma A): Ushbu guruhning eng nufuzli va qimmatli vakili Florensiyadagi Medichi Laurenziana kutubxonasida saqlanuvchi, X asrga oid Codex Laurentianus (pluteus LXX, 3) qo‘lyozmasidir. Ushbu matn boshqa nusxalarga qaraganda muallif uslubiga eng yaqin va xatolardan xoli nusxa deb qaraladi.

Teodor yoki Nemis guruhi (Stemma B): Bunga XI – XIV asrlarga oid bo‘lgan qo‘lyozmalar kiradi. Ularning orasida eng asosiysi Rimdagi Vatikan kutubxonasida saqlanuvchi, XI asrga tegishli Codex Vaticanus (Vat. Gr. 67) qo‘lyozmasidir. Garchi u Stemma A guruhidan biroz farq qilsa-da, matndagi tushib qolgan joylarni tiklashda muhim ilmiy manba deb ishoniladi.

Endi so‘zni Gerodotdan boshqa tarafga buramiz.

Masalan, Xondamir degan odam, uni taniysiz, hazrat Alisher Navoiy tarbiya qilganlar, “Habibus siyar” degan asar yozgan. Asarning to‘liq nomi: “Habib us-siyar fi axbor afrod ul-bashar” .

Kitob 1521 – 1524-yillar oraligʻida yozilgan va 1529-yilda toʻliq yakunlangan.

Asarning qisqa tuzilishi:

Muqaddima

Bu qismda muallif tarix ilmining jamiyat hayotidagi foydasi va ahamiyati, koinotning yaratilishi, geografik iqlimlar va turli mamlakatlar haqida umumiy tushunchalar bergan.

Birinchi jild

1-qism. Odam alayhissalomdan boshlab oʻtgan paygʻambarlar tarixi hamda qadimgi Eron (Pishdodiy va Kiyoniy) podshohlari xronologiyasi.

2-qism. Muhammad sollallohu alayhi va sallam hayoti, u zotning gʻazotlari va islom dinining yoyilishi.

3-qism. Ilk toʻrt xalifa (Xulafoyi roshidin) davri, shuningdek, keyingi Umaviylar va Abbosiylar xalifaligi tarixi.

Ikkinchi jild
1-qism. Abbosiylar davrida turli hududlarda mustaqil boʻlgan sulolalar (Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, Gʻaznaviylar, Buyiylar va Saljuqiylar).

2-qism. Gʻuriylar, Xorazmshohlar, Ismoiliylar sulolasi hamda Ozarbayjon va Fors oʻlkalaridagi mahalliy hukmdorlar.

3-qism. Misr va Shom (Suriya) hududida hukm surgan Mamluklar va Fotimiylar xalifaligi tarixi.

Uchinchi jild

1-qism. Chingizxon, uning kelib chiqishi, moʻgʻullar istilosi hamda Dashti Qipchoq, Chigʻatoy ulusi va Movarounnahrdagi moʻgʻul xonlari tarixi.

2-qism. Elxoniylar (Hulaguiylar) davri va ulardan keyingi mahalliy sulolalar (Muzaffariylar, Kurdlar va boshqalar).

3-qism. Amir Temur va Temuriylar davri. Bu boʻlimda Shohruh Mirzo, Abu Said, ayniqsa, muallif uzoq yillar xizmatida boʻlgan Sultan Husayn Boyqaro davridagi Xuroson va Movarounnahrning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayoti juda batafsil yoritilgan. Shuningdek, temuriylarning inqirozi, Boburning faoliyati, Shayboniyxon boshchiligidagi oʻzbeklarning va Safaviylar davlatining (Birinchi shoh Ismoil) maydonga chiqishi bayon etilgan

Xotima

Ushbu qismda yer yuzining turli iqlimlari, yirik shaharlari, togʻ va daryolarining tasviri (geografik maʼlumotlar) hamda oʻsha davrdagi ajoyibotlar va tabiat hodisalari keltiriladi.


Bu Xondamir hazratlari haqidagi qisqagina ma’lumot edi. Umuman, Sharqda yana qanday tarixchilar yashab o‘tgan? Ularning eng yiriklari ismlarini zikr qilaylik:

1. Ahmad ibn Abu Yaʼqub al-Yaʼqubiy (? – 897 dan keyin) Bagʻdodda tugʻilgan. Yoshligida Armanistonda, keyin Xurosonda Tohiriylar xizmatida boʻlgan, Hindiston, Misr va Magʻribga sayohat qilgan. Sayohatlari natijasida “Kitob al-buldon” (Mamlakatlar kitobi) geografik asarini yozgan.

Uning “Taʼrix” (Tarix) asari islom tarixnavisligida jahon tarixini bayon etgan. Asarning birinchi qismida islomgacha boʻlgan xalqlar – Isroil, Hindiston, Yunoniston, Rim, Eron, Xitoy, turklar va arablar tarixi, madaniyati, ilm-fani va eʼtiqodlari, ikkinchi qismida esa 872-yilgacha boʻlgan islom tarixi yoritilgan. Muallif islom tarixini boshqa sivilizatsiyalar tarixi bilan yagona jarayon sifatida koʻrsatgan.

2. Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariy (839 – 923-yillar) Tabaristonning Amul shahrida tugʻilgan. Ilm talabida Rayy, Bagʻdod, Basra, Kufa, Shom va Misrda boʻlgan. Umrining katta qismini Bagʻdodda oʻtkazgan, “Jomiʼ al-bayon” tafsiri muallifi sifatida ham mashhur. Bagʻdodda vafot etgan.

“Taʼrix ar-rusul va-l-muluk” (Paygʻambarlar va podshohlar tarixi) yilma-yil (xronologik) bayon qilinadigan umumiy tarixnavislik anʼanasining eng mukammal ilk namunasidir. Unda olamning yaratilishidan 915-yilgacha boʻlgan voqealar yoritilgan. Muallif har bir rivoyatni uni yetkazgan roviylar zanjiri – isnodi bilan keltirgan, bir voqea haqidagi turli rivoyatlarni yonma-yon berib, xulosani oʻquvchiga qoldirgan. Shu xolis yondashuv tufayli asar keyingi barcha islom tarixchilari uchun asosiy manbaga aylangan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Asarning toʻliq yagona qoʻlyozmasi mavjud emas; matn Istanbul, Leyden, Berlin, Oksford va boshqa kutubxonalardagi nusxalar asosida tiklangan. M.J. de Guye boshchiligidagi xalqaro olimlar guruhi uni Leydenda nashr etgan (1879–1901).

40 jildlik inglizcha tarjimasi Nyu-York shtati universiteti nashriyotida chiqqan (1985–2007).

Somoniy vazir Abu Ali Balʼamiy 963-yilda ushbu asarni fors tiliga qayta ishlab yozgani “Taʼrixi Balʼamiy”ning bir necha nusxasi OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi.

3. Abul Hasan Ali ibn al-Husayn al-Masʼudiy (896 – 956-yillar) Bagʻdodda tugʻilgan. Eron, Hindiston, Hind okeani sohillari, Kaspiy boʻyi, Armaniston, Shom va Falastin boʻylab shaxsan sayohat qilib, xalqlarning madaniyati, urf-odatlari va eʼtiqodlarini jonli kuzatishlari asosida yozgan. Umrining oxirini Misrda oʻtkazib, Fustotda vafot etgan.

Uning “Muruj az-zahab va maʼodin al-javohir” (Oltin yaylovlar va javohir konlari) tarixni geografiya, etnografiya va tabiiy fanlar bilan uygʻunlashtirgan noyob asardir.

Unda olamning yaratilishi, yer yuzi, dengizlar, turli xalqlar – hindlar, xitoylar, yunonlar, rimliklar, forslar, turklar, slavyanlar tarixi, soʻng Islom tarixi 947-yilgacha bayon etilgan.

Voqealar yillar boʻyicha emas, mavzu va sulolalar boʻyicha guruhlangan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Qoʻlyozmalari Parij, Istanbul, Leyden va boshqa kutubxonalarda saqlanadi. K. Barbye de Meynar va A. Pave de Kurtey asarni arabcha matni va fransuzcha tarjimasi bilan 9 jildda nashr etgan (Parij, 1861–1877); keyinchalik Sh. Pella tuzatilgan nashrini tayyorlagan (Bayrut).

4. Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy (973 – 1048-yillar) Xorazmning Kot shahrida tugʻilgan. Jurjonda Qobus ibn Vushmgir, Gurganjda Maʼmuniylar saroyidagi olimlar davrasida faoliyat koʻrsatgan. 1017-yildan Gʻaznada yashagan, Hindistonga qilingan yurishlarda ishtirok etib, sanskrit tilini oʻrgangan. Gʻaznada vafot etgan.

“Al-osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar) jahon xalqlarining taqvimlari, eralari, bayramlari va diniy anʼanalarini qiyosiy oʻrgangan asardir. Unda forslar, soʻgʻdlar, xorazmliklar, yunonlar, yahudiylar, suryoniylar, arablar va boshqa xalqlarning yil hisobi hamda tarixi manbalarni tanqidiy qiyoslash asosida tiklangan.

“Tahqiq mo li-l-Hind” (Hindiston) asari esa boshqa sivilizatsiyani uning oʻz manbalari va tili orqali xolis oʻrganishning mumtoz namunasidir.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. “Al-osor al-boqiya”ning 1307-yilda koʻchirilgan miniatyurali nusxasi Edinburg universiteti kutubxonasida, boshqa nusxalari Parij va Istanbulda saqlanadi.

Tanqidiy matnini E. Zaxau nashr etgan (Leypsig, 1878).
Oʻzbekcha tarjimasi “Tanlangan asarlar”ning I jildida chop etilgan (Toshkent, 1968). Yaqinda yana chiqdi.

5. Izziddin Abul Hasan Ali ibn al-Asir al-Jazariy (1160 – 1233-yillar) Dajla boʻyidagi Jazirat ibn Umar (hozirgi Turkiyadagi Jizre) shahrida tugʻilgan, umrining koʻp qismini Mosulda oʻtkazgan. Bagʻdod, Damashq va Halabda boʻlgan, Salohiddin Ayyubiy qoʻshini safida salibchilarga qarshi yurishlarda qatnashgan. Mosulda vafot etgan.

“Al-komil fi-t-taʼrix” (Mukammal tarix) olamning yaratilishidan 1231-yilgacha boʻlgan umumiy tarix boʻlib, salib yurishlari va moʻgʻullar istilosi davrining eng ishonchli manbalaridan biridir.

Tabariy materialini isnodlarsiz qisqartirib, voqealarni yaxlit hikoya shaklida bergan, Mashriq va Magʻribdagi turli hududlar haqidagi tarqoq maʼlumotlarni yagona tizimga keltirgan.

Asarning soʻnggi qismlarida u Chingizxon qoʻshinlarining Buxoro, Samarqand, Oʻtror va Urganchni vayron qilgani haqida zamondosh sifatida yozgan va moʻgʻul istilosini insoniyat boshiga tushgan eng ogʻir musibatlardan biri deb baholagan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Qoʻlyozmalari Istanbul, Parij, Leyden va boshqa kutubxonalarda saqlanadi.

K.J. Tornberg asarni 14 jildda nashr etgan (Leyden – Upsala, 1851–1876).

6. Rashididdin Fazlulloh Hamadoniy (1247 – 1318-yillar) Hamadonda tabib oilasida tugʻilgan. Elxoniylar saroyida tabib, soʻng Gʻozonxon va Oʻljaytu davrida bosh vazir boʻlgan. Tabriz yaqinida madrasa, kutubxona, kotibxona va shifoxonadan iborat "Rabʼi Rashidiy" majmuasini barpo etgan. Saroy fitnalari natijasida 1318-yilda qatl etilgan.

“Jomeʼ ut-tavorix” (Tarixlar toʻplami) koʻplab tadqiqotchilar tomonidan tarixnavislikdagi birinchi haqiqiy jahon tarixi deb eʼtirof etiladi.

Birinchi jildida turk va moʻgʻul qabilalari, Chingizxon va uning avlodlari tarixi, ikkinchi jildida Oʻgʻuzxon va turklar, Xitoy, Hindiston, yahudiylar va “franklar” (Yevropa xalqlari) tarixi bayon etilgan.
Asar jamoaviy tadqiqot usulida – moʻgʻul, xitoy, hind, kashmirlik va yevropalik bilimdonlar ishtirokida, moʻgʻullarning yozma anʼanasiga tayanib yaratilgan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Vaqfnomaga koʻra, “Rabʼi Rashidiy”da asar har yili arab va fors tillarida koʻchirilishi shart qilingan.

1314-yilga oid arabcha miniatyurali nusxaning qismlari Edinburg universiteti kutubxonasi va Londondagi N.D. Xalili kolleksiyasida, muhim forscha nusxalari Istanbuldagi Toʻpqopi saroyi kutubxonasida saqlanadi.

Ruscha tarjimasi 1946 – 1960-yillarda, V.M. Tekstonning inglizcha tarjimasi 1998 – 1999-yillarda nashr etilgan.

7. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad az-Zahabiy (1274 – 1348-yillar)

“Taʼrix al-islom va vafayot al-mashohir va-l-aʼlom” (Islom tarixi hamda mashhur zotlar va allomalarning vafotlari) va “Siyar aʼlom an-nubalo” (Oliy martabali allomalar siyrati) islom olamining eng ulkan tarixiy-biografik ensiklopediyalaridir.

“Taʼrixul-islom”da islom tarixi 1300-yilgacha hijriy oʻn yilliklar boʻyicha bayon etilib, har bir davr voqealaridan soʻng oʻsha yillarda vafot etgan olimlar, davlat arboblari, muhaddislar va fozillar haqida maʼlumot beriladi; asardagi biografiyalar soni 40 mingga yaqin deb hisoblanadi. Muallif hadis ilmidagi jarh va taʼdil (roviylarni tanqidiy baholash) usulini tarixiy biografiyaga tizimli tatbiq etgan.

Biz musulmonlarning yettita mashhur tarixchilarini zikr qildik, endi G‘arb tarixchilarini ham ko‘rib chiqaylik.

1. Polibiy (taxm. mil. av. 200 – 118-yillar) Arkadiyadagi Megalopol shahrida tugʻilgan, Axey ittifoqining harbiy rahbarlaridan biri boʻlgan. Mil. av. 167-yilda garovga olingan ming nafar axeylik qatorida Rimga olib ketilgan va Stsipion Emilian davrasiga yaqinlashgan. Karfagenning vayron etilishini (mil. av. 146) koʻrgan, Ispaniya, Afrika va Alp togʻlarida boʻlgan.


Uning “Historiai” (Umumiy tarix) mil. av. 220 – 146-yillarda Oʻrta yer dengizi dunyosi xalqlarining taqdiri Rim hukmronligi atrofida yagona jarayonga birlashganini koʻrsatgan asar deyiladi.

Polibiy umumjahon tarixi gʻoyasini birinchilardan boʻlib nazariy asoslagan: uning fikricha, alohida xalqlar tarixi yaxlit manzarani bera olmaydi. U “pragmatik tarix” tamoyilini, davlat boshqaruv shakllarining davriy almashinuvi nazariyasini ilgari surgan va manbalarni tekshirmagan tarixchilarni tanqid qilgan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. 40 kitobdan faqat 1–5-kitoblar toʻliq saqlangan. Ularning asosiy qoʻlyozmasi – X asrga oid “Vaticanus graecus 124” (Vatikan).
Qolgan kitoblar parchalari imperator Konstantin VII davrida tuzilgan Vizantiya ekstraktlari toʻplamlari orqali yetib kelgan.

2. Diodor Sitsiliyalik (taxm. mil. av. 90 – 30-yillar) Sitsiliyadagi Agirion shahrida tugʻilgan. Mil. av. 60–56-yillar atrofida Misrda boʻlgan, keyin uzoq yillar Rimda yashagan va manbalarni toʻplab, asari ustida qariyb oʻttiz yil ishlagan.

“Bibliotheke historike” (Tarixiy kutubxona) afsonaviy davrlardan mil. av. 60-yilgacha boʻlgan jahon tarixini 40 kitobda bayon etgan antik davrning yirik umumiy tarixidir.

Asarda Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Efiopiya, skiflar, arablar, yunonlar va rimliklar tarixi qamrab olingan. Diodor asarining alohida qimmati shundaki, u hozir yoʻqolgan koʻplab mualliflar – Ktesiy, Megasfen, Efor va boshqalarning maʼlumotlarini saqlab qolgan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. 40 kitobdan 1–5 va 11–20-kitoblar toʻliq saqlangan, qolganlari Vizantiya ekstraktlari va patriarx Fotiyning “Biblioteka”si orqali parchalar holida maʼlum. Saqlangan kitoblar asosan X–XV asrlarga oid Vizantiya qoʻlyozmalari orqali yetib kelgan.

Asarning yunoncha matni va inglizcha tarjimasi “Loeb Classical Library” turkumida 12 jildda nashr etilgan (1933–1967).

3. Kesariyalik Yevseviy (taxm. 260 – 339-yillar) Falastindagi Kesariya shahrida tugʻilgan, olim Pamfilning kutubxonasida taʼlim olgan. Taxminan 313-yildan Kesariya episkopi boʻlgan, imperator Konstantinga yaqin shaxs sifatida tanilgan.

“Xronika” (Chronikoi kanones) – Ibrohim paygʻambar davridan 325-yilgacha boʻlgan jahon tarixi voqealarini ossuriyaliklar, yahudiylar, misrliklar, yunonlar va rimliklar yil hisobi boʻyicha parallel ustunlarda qiyosiy koʻrsatgan asar.

U oʻrta asrlar Yevropasidagi barcha jahon xronikalariga namuna boʻlgani aytiladi. “Cherkov tarixi” (10 kitob) esa cherkov tarixnavisligiga asos solgan; muallif hujjat va maktublarni toʻliq iqtibos qilish usulini qoʻllagan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. “Xronika” yunoncha toʻliq holda saqlanmagan: u Iyeronimning lotincha tarjimasi va arman tilidagi tarjimasi orqali maʼlum.

“Cherkov tarixi”ning yunoncha qoʻlyozmalari X – XII asrlarga oid; V asrga oid suryoniycha tarjimasi qoʻlyozmasi ham saqlangan.

4. Pavel Orosiy (taxm. 385 – 420 dan keyin)
“Historiae adversus pagano” (Butparastlarga qarshi tarix yetti kitobi, 417 – 418)
Odam Atodan 417-yilgacha boʻlgan jahon tarixini bayon etgan birinchi xristian umumiy tarixidir.

Asar Rimning 410-yilda gotlar tomonidan talon-taroj qilinishi xristianlik tufayli yuz berdi degan qarashga javob sifatida Avgustinning topshirigʻi bilan yozilgan.

Orosiy jahon tarixini toʻrt buyuk saltanat – Bobil, Makedoniya, Karfagen va Rim almashinuvi sxemasi asosida talqin qilgan.
Asar ming yil davomida Yevropada jahon tarixining asosiy darsligi boʻlib xizmat qilgan.

Ispaniyaning shimoli-gʻarbidagi Bragara (hozirgi Portugaliyadagi Braga) shahridan. Taxminan 414-yilda Ispaniyaga bostirib kirgan qabilalar tufayli Shimoliy Afrikaga, Gippon shahriga Avgustin huzuriga ketgan.

415-yilda Falastinga, Baytlahmda Iyeronim huzuriga borgan, soʻng Afrikaga qaytgan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Asarning 200 dan ortiq qoʻlyozmasi maʼlum, ulardan eng qadimgisi VI asrga oid “Laurentianus 65.1” (Florensiya). IX asr oxirida qadimgi ingliz tiliga tarjima qilingan.
K. Sangemeyster tanqidiy nashri (Vena, 1882) mavjud.

5. Frayzingenlik Otton (taxm. 1112 – 1158-yillar) Avstriya markgrafi Leopold III ning oʻgʻli, imperator Fridrix I Barbarossaning amakisi. Parijda taʼlim olgan, Burgundiyadagi Morimond monastirida rohib boʻlgan, 1138-yildan Frayzing (Bavariya) episkopi. Ikkinchi salib yurishida (1147–1148) qatnashgan. Morimondda vafot etgan.
“Chronica sive Historia de duabus civitatibus” (Ikki shahar haqida xronika, 1143–1146) olamning yaratilishidan 1146-yilgacha boʻlgan jahon tarixini Avgustinning “Xudo shahri” gʻoyasi asosida – samoviy va dunyoviy “shahar” munosabati sifatida talqin qilgan asardir; sakkizinchi kitobi oxirzamonga bagʻishlangan.

Muallif hokimiyat va ilmning Sharqdan Gʻarbga koʻchishi (translatio imperii) gʻoyasini rivojlantirgan.

Asarda 1141-yilda Samarqand yaqinidagi Qatvon jangida qoraxitoylarning Saljuqiylar ustidan gʻalabasi haqidagi xabarlar aks-sadosi – Sharqdagi xristian podshoh “Pop Ioann” haqidagi afsonaning ilk yozma qaydi uchraydi.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Eng mashhur qoʻlyozmasi – XII asr oxiriga oid miniatyurali nusxa Yena universiteti kutubxonasida saqlanadi. A. Hofmeyster tanqidiy nashri "Monumenta Germaniae Historica" turkumida chiqqan (1912).

6. Jak-Benin Bossyue (1627 – 1704-yillar) Burgundiyadagi Dijonda tugʻilgan. Metsda va Parijda voiz, Kondom va Mo episkopi boʻlgan. 1670–1681-yillarda qirol Lyudovik XIV ning vorisi – dofinning tarbiyachisi boʻlib, asarni uning taʼlimi uchun yozgan. Parijda vafot etgan.

“Discours sur lʼhistoire universelle” (Jahon tarixi haqida nutq, 1681) olamning yaratilishidan Buyuk Karl davrigacha (800) boʻlgan jahon tarixini ilohiy taqdir (providensiya) nuqtai nazaridan yaxlit talqin qilgan asardir.

U providensial tarix falsafasining soʻnggi yirik namunasi boʻlib, maʼrifatparvarlarning tarix falsafasi aynan unga javob sifatida shakllangan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Asar 1681-yilda Parijda nashr etilgan; muallif tuzatishlari bilan qayta nashrlari keyingi yillarda chiqqan. Bossyue qoʻlyozmalarining katta qismi Fransiya milliy kutubxonasida saqlanadi.

7. Volter – Fransua-Mari Arue (1694 – 1778-yillar) Parijda tugʻilgan. 1726–1728-yillarda Angliyada surgunda boʻlgan, keyinchalik Sire qasrida, Prussiya qiroli Fridrix II saroyida (Potsdam) yashagan, soʻnggi yigirma yilini Jeneva yaqinidagi Ferneda oʻtkazgan. Parijda vafot etgan.

“Essai sur les mœurs et lʼesprit des nations” (Xalqlar urf-odatlari va ruhi haqida insho, 1756) jahon tarixini sulolalar va urushlar tarixi sifatida emas, madaniyat, urf-odat va sivilizatsiyalar tarixi sifatida yozishga qaratilgan asardir.

Volter Bossyuega qarama-qarshi ravishda asarini Xitoy, Hindiston va islom olamidan boshlab, Yevropa markazchiligidan voz kechishga chaqirgan.

“Tarix falsafasi” atamasini ham u muomalaga kiritgan (1765).

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Volterning shaxsiy kutubxonasi (6800 dan ortiq kitob, hoshiyadagi qaydlari bilan) va qoʻlyozmalarining bir qismi 1779-yilda Yekaterina II tomonidan sotib olingan va hozir Sankt-Peterburgdagi Rossiya milliy kutubxonasida saqlanadi.

8. Leopold fon Ranke (1795 – 1886-yillar) Tyuringiyadagi Vihe shahrida tugʻilgan. 1825-yildan Berlin universitetida professor boʻlgan, 1827–1831-yillarda Vena, Venetsiya va Rim arxivlarida ishlagan. Berlinda vafot etgan.

U arxiv hujjatlariga asoslangan tanqidiy usul va seminar tizimi orqali tarixni mustaqil professional fanga aylantirgan olim deb qaraladi.
Tarixchi oʻtmishni “aslida qanday boʻlgan boʻlsa, shunday” koʻrsatishi lozim, degan tamoyili XIX asr tarixnavisligining shioriga aylangan. Umrining soʻnggi yillarida – 85 yoshida u “Weltgeschichte” (Jahon tarixi) asarini boshlagan va vafotigacha oʻrta asrlargacha yetkazgan; soʻnggi jildlari shogirdlari tomonidan uning maʼruzalari asosida nashrga tayyorlangan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. “Jahon tarixi” Leypsigda 9 jildda nashr etilgan (1881–1888). Rankening shaxsiy kutubxonasi va qoʻlyozmalarining katta qismi 1887-yilda AQShdagi Sirakuza universitetiga koʻchirilgan va hozir ham u yerda saqlanadi.


9. Osvald Shpengler (1880 – 1936-yillar) Garts togʻlari etagidagi Blankenburg shahrida tugʻilgan. Galle, Myunxen va Berlin universitetlarida oʻqigan, Gamburgda gimnaziya oʻqituvchisi boʻlgan, 1911-yildan Myunxenda mustaqil olim sifatida yashagan va shu yerda vafot etgan.

Uning “Der Untergang des Abendlandes” (Yevropaning soʻnishi, 1918–1922) kitobi jahon tarixini yagona chiziqli taraqqiyot sifatida emas, har biri tugʻilish, gullash va soʻnish bosqichlarini oʻtuvchi alohida yuksak madaniyatlar – Misr, Bobil, Hind, Xitoy, antik, arab (sehrli), Gʻarb va boshqalarning morfologiyasi sifatida talqin qilgan asardir.

Shpengler har bir madaniyat soʻnggi bosqichda “sivilizatsiya”ga aylanib, qotib qolishini taʼkidlagan. Asar XX asrda sivilizatsiyalarni qiyosiy oʻrganish yoʻnalishiga, jumladan A. Toynbiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Asarning birinchi jildi Venada (1918), ikkinchi jildi Myunxenda (1922) nashr etilgan. Muallifning ilmiy merosi va qoʻlyozmalari Myunxendagi Bavariya davlat kutubxonasida saqlanadi.

10. Arnold Jozef Toynbi (1889 – 1975-yillar) Londonda tugʻilgan, Oksfordda taʼlim olgan. London universitetida professor, 1925–1955-yillarda Qirollik xalqaro munosabatlar institutining tadqiqotlar direktori boʻlgan.

Uning “A Study of History” (Tarixni tadqiq etish, 12 jild, 1934–1961) kitobi jahon tarixini yigirmadan ortiq sivilizatsiyaning paydo boʻlishi, oʻsishi, inqirozi va parchalanishi sifatida qiyosiy tahlil qilgan XX asrning eng keng koʻlamli asaridir.

Toynbi “chaqiriq va javob” nazariyasini ilgari surgan: sivilizatsiya tabiiy yoki ijtimoiy chaqiriqlarga ijodkor ozchilikning munosib javobi tufayli rivojlanadi. U islom sivilizatsiyasiga alohida eʼtibor qaratgan va Ibn Xaldunning “Muqaddima”sini oʻz turidagi eng buyuk asarlardan biri deb baholagan.

Qoʻlyozmalari va nashrlari. Asar Oksford universiteti nashriyotida chop etilgan. Toynbining ilmiy arxivi Oksforddagi Budliyon kutubxonasida saqlanadi.

Mana, Musulmon Sharqida yashab o‘tgan sakkiz nafar, g‘arblik o‘n bir nafar mumtoz tarixchilar haqida eng qisqa shaklda ma’lumot hosil qildik.

Ularni qiyosan tahlil qilsak, har ikki anʼana tarixni bir xalq yoki bir davlat doirasidan chiqarib, insoniyatning umumiy tarixi sifatida yozishga intilgan. Bu intilish ularni bir-biriga yaqinlashtiradi, biroq har bir anʼana bu maqsadga oʻziga xos yoʻl bilan erishgan.

Qadimgi mualliflar tarixni olamning yaratilishidan boshlagan, tarixni geografiya va etnografiya bilan uygʻunlashtirgan.

Sharq tarixnavisligi izchil davomiylik bilan ajralib turadi: Tabariy asari keyingi tarixchilar uchun asos boʻlgan, Ibn al-Asir uni davom ettirgan, Xondamir esa bu anʼanani Temuriylar va Movarounnahr tarixi bilan boyitgan.

Gʻarbda tarixiy tafakkur bosqichma-bosqich yangilanib borgan: antik davr guvohligidan providensial talqinga, undan madaniyat tarixiga va sivilizatsiyalar nazariyasiga oʻtilgan.

Xolislik va ilmiy tekshirilganlik jihatidan har ikki anʼanada shaxsiy kuzatuv, manbani asl holida keltirish va tanqidiy tekshirish uchraydi.
Sharq tarixchilari maʼlumot yetkazgan shaxsning ishonchliligini tekshirishning tizimli usullarini – isnod, jarh va taʼdil hamda Beruniyning manbalarni tanqidiy qiyoslash usulini – IX–XIV asrlardayoq qoʻllagan.

Tabariy ziddiyatli rivoyatlarni yonma-yon berib, hukmni oʻquvchiga qoldirgan.

Gʻarbda tizimli arxiv tanqidi XIX asrda Ranke bilan qaror topgan.

Tarixni yaxlit nazariy sxema asosida tushuntirish esa Polibiydan Toynbigacha Gʻarb tarixnavisligining kuchli tomoni boʻlib kelgan, garchi bu yondashuv muallif konsepsiyasining taʼsirini ham oshirsa-da.

Qoʻlyozmalarning ishonchliligi jihatidan ikkala anʼanada ham mualliflarning asl nusxalari saqlanmagan, matnlar bir necha nusxani qiyoslash orqali tiklangan, ilmiy tanqidiy nashrlar esa asosan XIX–XX asrlarda tayyorlangan.

Ammo e’tiborli jihati shuki, Sharq asarlarining nusxalari muallif davriga ancha yaqin: Rashididdin asari uning hayotligida koʻchirilgan va vaqf orqali muntazam koʻpaytirilishi kafolatlangan.

Beruniy asarining nodir nusxasi undan ikki yarim asr keyin yaratilgan.

Antik Gʻarb asarlari esa mingyillikdan ortiq vaqt oʻtib koʻchirilgan nusxalar orqali, koʻp hollarda qisman yetib kelgan.

Umuman olganda, Sharq tarixnavisligi manbaning ishonchliligi, bayonning izchilligi va matnning muallif davriga yaqin holda saqlanishi bilan ajralib turadi.

Gʻarb tarixnavisligining oʻziga xosligi esa nazariy umumlashma va tarixiy qarashlarning xilma-xilligidadir.

Albatta, bugungi ilmning xolislik tamoyili bilan qarasak ham, musulmon Sharqi tarixchilari masalani aniq hujjatlarga tayanib yoritganligi hamda dalillarning kuchli ekanligi bilan ajralib turibdi.

Ayniqsa, nusxalarni saqlash, ko‘chirish va bugunga yetib kelishidagi omonatdorlik alohida yutuqdir. Shu ma’noda, bizga o‘qitilayotgan tarixning, asosan, G‘arb manbalariga tayanishi juda tushunarsiz. Bu borada Wolterning qarashlari juda ahamiyatli – u G‘arbni dunyo markazi deb ko‘rsatishni rad qilgan.

Zotan, tarixni o‘rganishda G‘arbni markazga qo‘yish oxirgi asrlardagi mustamlaka siyosati bilan bog‘liq ko‘rinadi. Chunki xo‘jayin o‘zini eng qadimiy va sara deb ko‘rsatishni istaydi.

Biz yana diqqat qaratmoqchi bo‘lgan asosiy masala – odamzodning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.

Tabariy odamzod Odam Atodan tarqalganligini aytadi. U Odam Ato yer yuzining turli joylaridan olingan tuproqdan yaratilgani, shu sababli odamlarning rangi va tabiati har xil ekani haqidagi rivoyatni keltiradi. Toʻfondan keyin barcha xalqlar Nuh alayhis-salomning uch oʻgʻli – Som, Hom va Yofasdan tarqalgan deb biladi.

Yaʼqubiy ham tarixni Odam Atodan boshlab, paygʻambarlar silsilasi orqali bayon qiladi va bunda ahli kitob rivoyatlaridan keng foydalanadi. Keyin hind, yunon va boshqa xalqlarning qadimgi tarixiga oʻtadi.

Masʼudiy Qurʼondagi Odam Ato qissasi bilan boshlaydi. Xalqlarning Nuh oʻgʻillaridan tarqalishini bayon qiladi, shu bilan birga boshqa xalqlarning olam va inson haqidagi qarashlarini ham qayd etadi.

Beruniyning fikricha, olamning ibtidosiga hech kim guvoh boʻlmagani uchun bu haqdagi bilim faqat ishonchli naql, ya’ni ilohiy kitoblar orqali olinadi va uning aniq sanasini hisoblab boʻlmaydi.

Ibn al-Asir bu masalada Tabariyga ergashgan: yaratilish va Odam Ato qissasini isnodlarsiz, qisqa hikoya shaklida bergan.

Rashididdin jahon tarixini Odam Ato va paygʻambarlardan boshlaydi. Turk-moʻgʻul qismida turkiy xalqlarni Nuhning oʻgʻli Yofas avlodidan chiqaradi va shajarani Oʻgʻuzxongacha olib boradi. Xitoy tarixi qismida xitoylarning oʻz rivoyatlarini ham keltirgan.

Xondamir “Habib us-siyar”ning birinchi jildini Odam Atodan boshlaydi. Paygʻambarlar tarixi bilan birga Eron anʼanasidagi Peshdodiy podshohlarni ham keltiradi, ularning birinchisi Kayumarsdir.

Gerodot insonning paydo boʻlishi haqida oʻz nazariyasini bermaydi, lekin xalqlarning bu haqdagi daʼvolarini keltiradi. Misrliklar eng qadimgi xalq ekanliklarini daʼvo qilgan. Firʼavn Psammetix buni tekshirish uchun ikki goʻdakni odamlar nutqini eshittirmay oʻstirgan. Bolalar aytgan birinchi soʻz frigiyacha chiqqani uchun frigiyaliklar qadimiyroq deb topilgan. Misr kohinlari 341 avlodni sanaganini ham yozadi. Skiflar esa oʻzlarini eng yosh xalq deb bilishgan va birinchi odam Targitay boʻlgan deyishgan.

Diodor ikki qarashni qayd etadi: olam azaliy degan va olam yaratilgan degan qarash. Keyin tabiiy izohni bayon qiladi. Unga koʻra, dastlabki odamlar quyosh isitgan nam yerdan paydo boʻlgan, hayvonlardek yashagan, yirtqichlardan qoʻrqib birlashgan. Tilni esa tovushlardan asta-sekin, ehtiyoj tufayli yaratgan. Shuning uchun turli joylarda turli tillar paydo boʻlgan.

Polibiy insonning yaratilishiga emas, jamiyatning kelib chiqishiga qiziqqan. Uning fikricha, toʻfon, oʻlat va ocharchilik insoniyatni qayta-qayta qirib yuborgan. Omon qolganlar podadek toʻdalanib, eng kuchlisiga boʻysungan va shu tarzda boshqaruv shakllari davriy almashinuvi boshlangan.


Yevseviy yaratilish haqidagi Bibliya hikoyasini qabul qilgan, ammo xronologik jadvallarini Ibrohim paygʻambardan boshlagan, chunki undan oldingi davr sanalarini ishonchsiz deb bilgan. Xaldey va misrliklarning haddan tashqari qadimiy hisoblarini tanqid qilgan.

Orosiy tarixni Odam Atodan boshlaydi. Uning uchun insoniyat tarixi Odam Atoning gunohidan keyingi kulfatlar tarixidir.

Otton Avgustinga ergashib, “ikki shahar” Qobil va Hobildan boshlangan deb biladi. Qobil dunyoviy shaharga, Hobil samoviy shaharga asos solgan.

Bossyue “Jahon tarixi haqida nutq”ni “Odam Ato yoki yaratilish” davridan boshlaydi va yaratilishni Bibliya xronologiyasi asosida mil. av. 4004-yil deb sanaydi.

Volter Bibliya xronologiyasini ochiqdan-ochiq tanqid qilgan va tarixni ishonchli yil hisobiga ega eng qadimgi sivilizatsiya sifatida Xitoydan boshlagan. U insoniyat turli irqlarga boʻlinib, alohida-alohida paydo boʻlgan degan qarashni (poligenizm) ham ilgari surgan.

Ranke tarixni yozma hujjatlar mavjud boʻlgan davrdan boshlash kerak, deb hisoblagan. Shuning uchun “Jahon tarixi”ni qadimgi Sharq xalqlaridan boshlagan, insoniyatning ibtidosini esa tarix fanining vazifasiga kiritmagan.

Shpengler yagona “insoniyat tarixi” tushunchasini rad etgan. Uning fikricha, insoniyat umumiy maqsad yoki rejaga ega emas. Tarix alohida yuksak madaniyatlarning paydo boʻlishidan boshlanadi, undan oldingi ibtidoiy inson esa “tarixsiz” holatda yashagan.

Toynbi insonning biologik paydo boʻlishini tabiiy fanlar sohasi deb qoldirgan. U ibtidoiy jamiyatlar juda uzoq davr yashagan holda sivilizatsiyalar nisbatan yaqinda, taxminan soʻnggi olti ming yil ichida paydo boʻlganini taʼkidlagan.

Sivilizatsiyaning paydo boʻlishini "chaqiriq va javob" bilan izohlagan: masalan, Misr va Shumer sivilizatsiyalari qurgʻoqchilik chaqirigʻiga javob sifatida yuzaga kelgan.

Xulosa qilsak, Sharq tarixchilari va Gʻarbning xristian davri mualliflari insoniyat tarixini bir manbadan – Odam Atodan boshlaydi. Ular xalqlarning kelib chiqishini Nuh oʻgʻillaridan tarqalish orqali tushuntiradi.

Ikkala tomonda ham yaratilish sanasini aniqlashga urinishlar boʻlgan, masalan, Yevseviy va Bossyue.

Ikkala tomonda ham boshqa xalqlarning qadimiylik haqidagi daʼvolarini tanqid qilganlar bor. Beruniy turli xalqlarning ziddiyatli hisoblarini fosh qilgan boʻlsa, Yevseviy xaldey va misrliklarning hisoblarini tanqid qilgan.

Sharq tarixchilari bu masalada anʼanaga sodiq qolgan. Ular boshqa xalqlarning qarashlarini (Kayumars, hind kosmik davrlari, xitoy rivoyatlari) inkor etmay, qayd etish va qiyoslash yoʻlidan borgan.

Gʻarbda qarashlar keskin oʻzgargan: antik davrdagi tabiiy izohdan (Diodor) Bibliyaga asoslangan tarixga oʻtilgan. Yangi davrda esa bu masala tarix fanidan chiqarib tashlangan (Ranke, Shpengler, Toynbi).

Beruniyning yaratilish sanasini aqliy hisob bilan aniqlab boʻlmaydi, degan fikri ilmiy ehtiyotkorlik jihatidan Gʻarbda ancha keyin shakllangan qarashlarga yaqin turadi.

Biz aytmoqchi bo‘lgan gap shuki, insoniyat qariyb XIX asrga qadar o‘zini Odam Atodan deb ishonib kelgan. Shu asosda tarixlar yozilgan. Keyin birdan buni inkor etish boshlangan. Bunga biz ismini keltirganimiz Ranke, Shpengler va Toynbi kabi tarixchilarni misol qilamiz.

Qiziq, yangi davrga kelib odamlar to‘satdan “aqlli” bo‘lib, Odam alayhis-salomni inkor etib qoldimi? Yoki odamzod tarixida bo‘lmagan bu qarashni kimdir singdirdimi?

Bu masalada aniq bir javobni aytish imkonsiz. Lekin anig‘i shuki, maktablarda tarix kitoblarida bolalarga Odam alayhis-salom haqida emas, Olduvay yoki Neandertal vodiysidan “topilgan”i da’vo qilinadigan “suyaklar” asosida odamzod maymunroq bir hayvondan paydo bo‘lgani singdirib kelinmoqda.

Kitobimizning uzoq cho‘zilgan ushbu bobini bir savol bilan yakunlasak: agar inson o‘zini Odam alayhis-salomdan tarqaganman deb hisoblasa nima bo‘ladi-yu, yoki insonning paydo bo‘lishi tarixi aniq emas, balki maymunroq bir hayvondan paydo bo‘lgandirman deb ishonsa, nima bo‘ladi? Bu uning hayot tarzi, xulqi va qalbining holatiga, nafsi va aqliga naqadar ta’sir o‘tkazadi?

Muhtaram kitobxon unutmagan bo‘lsa kerak, biz ozod odam falsafasi haqida gap boshlaganmiz. Odamning o‘zi, zoti va paydo bo‘lishi haqida ishonchli va qat’iy xulosaga kelishi bu masalada ahamiyatli ekanligini Siz ham yaxshi bilasiz, albatta.

Akrom MALIK

#ozod_inson_falsafasi