Shunday qilib, har kim ko‘rpani o‘ziga tortsa, nima bo‘ladi, o‘rtoqlar?

Shunday qilib, har kim ko‘rpani o‘ziga tortsa, nima bo‘ladi, o‘rtoqlar?
Adabiy til – xalqni birlashtiruvchi omildir. Chunki yurt – katta, odamlar turli-tuman shevalarda gaplashadilar. Shevalar – tilning boyligi, lekin sheva muayyan hududda yashaydigan odamlarning xususiyatlarini aks ettiradi, ya’ni u elning fe’l-atvori, yashash tarzi, shuningdek, jo‘g‘rofiy jihatlar, urf-odatlar shevada aks etadi.
Hamma o‘z shevasida gapirsa, nima bo‘ladi? Avvalo, shevalarning xos ohori yo‘qoladi. Sababi, siz toshkent shevali odam bilan muttasil gaplashar ekansiz, o‘z shevangizdagi so‘zlarni u shevadagi so‘zlarga almashtirasiz hamda tovushlar talaffuzini ham boy berasiz, bu degani tovushlarni ham toshkentcha talaffuz qilishni boshlaysiz.
Shevalarda tovushlar turlicha tovlanadi, har bir narsaning boshqa shevalardan farqli nomlari bor va bularning hammasi til lug‘ati hamda fonetikasining boyligidir.
Adabiy til – barcha shevalardan muayyan darajada oziqlangan, sun’iy ravishda shakllangan, elning hammasiga tushunarli bo‘lgan, ayni paytda, shevalarni himoyalab turadigan tildir. Uning lug‘ati, fonetikasi hamda gap tuzilishi ulusda eng katta nufus kasb etadigan urug‘lar shevasi asosida tashkillanadi. Bu borada ularning yurtda boshqalarga nisbatan qay darajada siyosiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiy qilgani ham ahamiyatli.
Qaysi urug‘, qaysi hududning ilmi, madaniyati, adabiyoti, iqtisodi rivojlangan bo‘lsa, asosiysi, o‘zining tarixiy asoslariga – urf-odat va odoblariga sadoqatli bo‘lsa, o‘shalarning tili ham, qo‘li ham uzun bo‘ladi, ya’ni boshqalar ustidan ta’siri kuchayadi. Boshqa hudud odamlari ulardan qulayroq yashashni, yangiliklarni, odob-axloq va ilmlarni o‘rganadilar va hokazo.
Mustaqillikning birinchi choragida kinolarda qahramonlarning deyarli hammasi toshkentcha gapirar edi. Ayrim rahbarlar ham adabiy til qoidalaridan bexabarligi uchun shevada so‘zlar edilar — hozir ham shunday. Hozir esa qo'shimchasiga internet olamida yurtimizdagi ayrim viloyat yoshlarining o‘z shevalarida har xil dasturlar qilishayotgani kuzatilmoqda.
Bag‘rikenglik nuqtasidan turib qarasak, yomon tomoni yo‘q. Boshqa shevani tinglash yoqimli. Nozik jihati shuki, shevada qandaydir muammoni muhokama qilishning salbiy jihati sezilmaydi, lekin barcha kitoblar adabiy tilda; tarixiy mumtoz matnlar adabiy tilda; yana qizig‘i, inson o‘zi mansub bo‘lgan hudud nomini keng miqyosda alohida ajratib ko‘rsatsa, bu mahalliychilik suratida ko‘rinadi.
Tasavvur qiling: har bir viloyat youtubega o‘rnashib olib, falon yerlik deb podcast tayyorlay boshladi. Maqsadimiz mahalliychilik emas deb aytadi. Ammo mohiyatan o‘z makonini umum yurt jo‘g‘rofiyasidan ajratib olib, taqdim etmoqda, xolos. Ya’ni mahalliychilik kayfiyati, bo‘linuvchilik harakati seziladi.
Natijada, men sendan yaxshi, sen mendan pastsan degan kayfiyat yoyiladi, nosog‘lom raqobat kuchayadi, yurtdagi odamlarning ko‘ngil do‘stliklariga putur yetadi. Falon yerlik deb kimdir haqida g‘ashi kelib gapirishlar urchiydi, fitna kuchayadi. (Shundoq ham, ko‘pincha kap-katta odamlarning o‘zlarining viloyatlarini pesh qilib yurishlari odamning ensasini qotiradi.)
Albatta, ilm olmagan, alifni kaltak demaydigan yoshlar buni anglashdan ojiz, chunki ular kalta o‘ylashadi, kaltafahmlik va farosatsizlik afvga loyiq. Lekin tajribali odamlar, biroz ilmi bor, ikkita bo‘lsa ham kitob o‘qiganlar, bitta bo‘lsa ham, ko‘proq ko‘ylak yirtganlar anglashlari kerakki, johil va farosatsizlarni oxiri o‘ylanmagan ishlarning oqibatidan ogohlantirish ularning zimmasidadir.
Har qachon har bir viloyatli, Vatanning har bir farzandi, qaysi millatga tegishli bo‘lmasin, o‘lkaning yaxlitligi, yurtning bo‘linmasligi, odamlarning yakdilligi g‘oyasidan turib fikrlashi va ishlashi kerak. Qaysi hududning xususiyatini yortimoqchi bo‘lsa, yoki o‘zi tug‘ilgan joyning odamlarini uyg‘otmoqchi bo‘lsa, eng avval tarixiy ilmiy hujjatlar asosida o‘zlarining sharafini Vatanning bir qismi sifatida, xalqning bir bo‘lagi sifatida ko‘rsatmoqlari shart. Bu bir qancha hujjatli filmlar, kitoblar vositasida bo‘ladi.
Ikkinchidan, zamonaviy olamda shu hududda tug‘ilib ulg‘ayganlarning tajimai holi va yutuqlarini saviyali tarzda olamga yoyinlamoq kerak, bu yerda eng muhim qoida – qaysi joydan chiqsak, yurtning – yangi O‘zbekiston, qadim Turkiston, sharafli Movarounnahrning bir parchasi o‘laroq namoyon bo‘lmoq shart.
Va oqil, farosatli hikmat ahlining hammasiga ma’lumki, bir necha yil davomida chuqur ilm olgan inson va youtube yoki facebookda savod chiqargan odam orasida farq katta. Ilm olgan odamning e’tiqodi mahkam, qarashlari mustahkam; o‘ziga ishonchi ilm va kashf ustiga quriladi, ishlari uzoq muddatga mo‘ljallanadi, bu ishlar davomiyligi, eskirmasligi bilan sifatlanadi.
Ijtimoiy tarmoq tarbiyalagan, ijtimoiy tarmoq “o‘qitgan” johil esa har kuni ming xil o‘zgaradi. Yo‘lni ijtimoiy tarmoqdan izlab, ijtimoiy tarmoqdan odamlarga yo‘l ko‘rsatgisi keladi, maqsadi shon-shuhrat shahvatini qondirishdan iborat bo‘ladi.
Hech kim ijtimoiy tarmoq vositasida hech qachon kuchli ilm olmaydi, kuchli ilm va maqsad faqat ustoz huzurida tizimli ilm olish natijasida qo‘lga kiradigan boylikdir.
Ijtimoiy tarmoq avomning, fikrlamaydigan to‘dalarning, tomosha o‘ch podaning maskani, xolos. O‘sha toifalarning fikrlarini boshqarish uchun, ularning yovuzlashib ketmasligi uchun ayrimlar ularga muayyan qarashlarni singdirish uchun foydalaniladigan minbardir. Ijtimoiy tarmoq miyaning ma’lumot bangiligini qondiradi, xolos.
Ijtimoiy tarmoq olomonni qo‘zg‘atadigan, olomonni boshqaradigan, olomonni aldaydigan, olomonni ishontiradigan makondir. O‘zining asl qadrini biladiganlar undan ayrim messejlarni xalqqa yetkazish uchun foydalanadilar. Lekin artistabiatlar, shuhratparastlar, shahvatparastlar, g‘iybatchilar uni o‘zlariga joy qilib olishadi.
Sodda qilib aytsak, ijtimoiy tarmoq aslzodalar uchun emas, u teatrda rol o‘ynay olmagan, kinoda chiqa olmagan, diplomi bor-yo‘q artistlarning arzon sahnasidan boshqa narsa emas.
O‘z qiymatini bilganlar tavba qilib kitobga, ustozga qaytadilar va o‘zlarini ijtimoiy tarmoq rastasiga tovar sifatida qo‘ymaydilar.
Bularning barchasi shaxsiy fikrlardir. Hech kimga ta’sir o‘tkazish niyatimiz yo‘q, eslatma berish uchun yozildi.
Akrom MALIK