← Barcha maqolalar

Mazkur risola farzi ayn, olti iymon kalimasining sharhi, mazhab imomlari, usuli…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Mazkur risola farzi ayn, olti iymon kalimasining sharhi, mazhab imomlari, usuli dinning (aqiyda) bayoni, namoz bayoni va ilm fazilati, ro'za, haj, zakot, nikoh, taloq, xatmi Xojagon shartlari haqidagi muhim qismlardan iborat bo'lib, ota-bobolarimiz dinni qaysi manbadan o'rgangan degan savolning ajoyib javobi edi. Albatta, bu kabi diniy-fiqhiy manbalar ko'p bo'lgan, ana shu manbalarning biri sifatida menga bu risola juda qadrli va qadrdon ko'rindi.
Uni nashrga tayyorlash va xalqimizni shunday manbadan xabardor qilish istagi tug'ildi. Chunki kitobda ko'plab masalalarni tariqat (tasavvuf) yondashuvi bilan yoritilganini ko'rdik. Ayniqa, iymon haqidagi sahifalarda hazrat Alisher Navoiy baytlariga sharh sifatida foydalanish mumkin ma'lumotlar bor edi. Shunda bu kitobni o'qigan mutaxassis mumtoz adabiyotimiz manbalari - hazrat Alisher Navoiy va So'fi Olloyor singari bobolarimizning istalgan asarlarini qiynalmay anglab yetishlari, tushunishlariga shubham qolmadi. Ayniqsa, shu soxa tadqiqotchilari uchun muhim qo'llanma ekan.
Har narsaning asli yaxshi. Kitobni tabdil emas, eski turkiy alifboda ko'chirdik. Aslning ohori va go'zalligi bor, ta'siri ham o'zgacha bo'ladi. Shaxsan kamina xodimingizga eski turkiydan kirill yo lotinga tabdil qilingan kitoblar patlari yulinib, yalang'och qilib qo'yib yuborilgan qush kabi ko'rinadi...
Ilm bir xazina, "Risolayi marg'uba" kabi nodir kitoblarni o'qiyman deganlar eski turkiy alifboni o'rganishlarini istardim. Qiyin emas. Juda oson. Ayniqsa, "Ustodi avval" nomli yuz yil avvalgi alifbe kitoblari savodni chiqarish uchun qulay. 1909-yil mulla Sayyid Rasulxo'ja domla sayyid Azizxo'ja maxdum muftiy o'g'li tomonidan toshbosma nashr etilgan "Ustodi avval"ni tavsiya qila olaman.
Bu kitobdan eski turkiy harflarni oʻqishni o'rganib olsangiz (mazkur alifbe kitobi mustaqil o'rganish uchun ham qulay) "Risolayi marg'uba" singari manbalarni avval qiynalib boʻlsa-da, keyin takror va ko'p o'qish bilan ravon mutolaa ko'nikmasiga erishasiz.
Bizning xushxabar shuki, "Risolayi marg'uba" kitobi "Tavfiqnash" tomonidan nashrga tayyorlandi. Mazkur nashr bilan bogʻliq muhim jihatlar:
1. Kitob eski turkiy yozuvda, nasta'liq xatida.
2. Kitobdagi oyat va hadislar manbalari ko'rsatildi.
3. 1913-yilgi 4-nashrda yo'l qo'yilgan imlo sahvlari boshqa nashrlarga qiyoslanib imkon qadar to'g'irlandi.
4. Kitob O'zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita tavsiyasi bilan nashrga tayyorlandi.
5. Kitobga taniqli kitob san'atchisi Bahriddin Bozorov muqova ishlab berdi.
Nasib bo'lsa, bir oylarda kitob bosmaxondan chiqadi degan umiddamiz. Hammangizga ajdodlarimiz nafasi teggan muborak risola xayrli bo'lsin!
Duolarda unutmagaysizlar…