Ozod inson falsafasi

Birinchi bob
Manzara
Hozirgi kunda kuzatilayotgan holat, menimcha, bunday: yoshi kattalarda mas’uliyat hissi kamaygan, ular yosh avlod, xususan, o‘z farzandlari kelajagi va axloqi oldida javobgarlikni his qilishmayapti.
Bu haqiqatning tajalliysini shunday manzara bizga namoyon etmoqda: maktabni bitirib kelayotgan yigit-qizlar, maktabni bitirganlari ham, dorilfununni xatm qilganlar ham o‘z kelajagini biror shaklda tasavvur qila olmaydi – bu birinchi nuqta; ikkinchi jihat shuki, yoshlar ommatan va xossatan, yoppasiga va yakka holda ham o‘z qiymatini, inson sifatida uning bahosini belgilaydigan xulq va adab qoidalaridan, zamonaviy tilda aytsak, insoniy madaniyatni ko‘rsatib beradigan asosiy ko‘nikmalardan xabarsiz holda ulg‘aymoqdalar.
O‘zini izlab, o‘zini tanishga ishtiyoqmand yoshlar aqlini taniy boshlagach, men kimman, qanday yashashim kerak degan savolga duch keladilar. Shu savolga javob axtarib, yon-veriga alanglaydi va hammaga ko‘z tikadi. Tanasida uyg‘onayotgan shahvat lazzati va jamiyatdagi tartibsizlik, hech kimning hech kim bilan ishi yo‘qligi, odamlar bir-birini aldab, bir-biriga dilozorlik qilayotganiga guvoh bo‘ladi va yelkasini qisib bir muddat tek qotadi.
Turli manbalarga qiziqadi, tabiati hamda oiladagi muhiti, uchragan ilk taassurot va hissiyotlariga tayanib, asta-sekin hayotiy tamoyillarini shakllantirishga kirishadi. Jamiyatdagi qizil chiziqlarni ko‘radi – nima mumkin, nima mumkin emas. Eng qizig‘i, bugungi kunda qizil chiziqlar faqat siyosatda qolgan, xolos.
Deyarli boshqa hamma qizil chiziqlar bosib o‘tilgan va ular o‘chirilmoqda ham. Haddan tashqari zaiflashib qolgan axloqiy, aniqroq aytganda, urf-odatga daxldor qizil chiziqlar ustida ayyuhannos solmoqdalar.
Yoshlar ko‘z ochib ko‘rayotgan dunyo bunday: hamma o‘yin-kulgi ortidan chopayotir, hech kim mashaqqat va qiyinchilikka rozi emas, imkon qadar qulaylik va hashamat yaratish ishqida insoniyat yonib-kuyayotir; yemaklar haddan tashqari ko‘p; ichimliklar xilma-xil; hamma narsa ostonaga keltirib berilmoqda. Insonlarning baxt-u saodati, quvonch-u shodligi uch narsa bilan o‘lchanmoqda: boylik, lazzat va shon-shuhrat. Hamma boy bo‘lsam deydi.
Pulim ko‘p bo‘lsa deydi. Ko‘p pulga arava olsam, baland uy qursam, yumshoq o‘rinlarim bo‘lsa, chiroyli jihozlarim bo‘lsa va hokazo. Bu boylik vositasida paydo bo‘lgan narsalardan ko‘zlarim, tanam lazzatlansa – mazali taomlar, shirin ichimliklar, dengiz bo‘ylarida hordiq, jismning go‘zalligi uchun sport, chiroyli juftlar qo‘lga kirsa!
So‘ng hamma uni tanib, olqishlasa, bu qanday vosita bilan ro‘y berishi qiziq emas, asosiysi, odamlar qoyil qolib barmog‘i bilan ko‘rsatib, qanday ham taniqli odam deyishsa, bas. Shu bois, blog yuritadilar, turfa kontentlar tayyorlashadi, qo‘shiq aytishadi, raqs tushishadi, omma qiziq deb bilgan masalalarda hammaning diqqatini tortadigan munosabatlar bildiriladi; kerak-nokerak o‘rinlarda hamma muammoga burun tiqaveriladi.
Bu istaklarni amalga oshirish uchun barcha sharoit muhayyo: sport zallari, konertlar, musiqa va ashula musobaqalari, festivallar, ijtimoiy tarmoqlar va rag‘batlar. Qancha bachkana bo‘lsang ham, dakki beradigan hech kim yo‘q. Xayolingga kelgan har qanday qiliqni qilsang ham, jazo olmaysan – harakating jinoyat nomi bilan qonunlar kitobiga yozilmagan bo‘lsa, bas. Jinoyat qilsang ham, deyarli mashaqqatli tomoni qolmagandek, masalan, odam o‘ldirsang, 20 yilga qamalasan.
Qamoqda bir joydan chiqmasligingni hisobga olmasa, yemak-ichmak joyida. Yaqinlaring bilan har uch oyda uchrashuv. Shundoq ham ozodlikda ham ular bilan hadeb ko‘rishavermasding. Davlat sendek qotilni tekinga boqadi. Ustiga-ustak, G‘arb tomonlardagi hukumatlar biz mahkum jinoyatchilar haqlarini himoya qilamiz, ular oppoq par yostiqda uxlashsin deb talab ham qo‘yishadi. Va hokazo.
Mana shu kontekstda endi ulg‘ayib kelayotgan yigit yo qizni eng avval shunday masala o‘ylantiradi: “Qanday qilib, ishlab pul topsam?”
Odam bo‘lish, hayotiy tamoyillarni belgilash ortda qoladi. Tirik qolish masalasi eng avval keladi.
Albatta, men kimman va qanday yashashim kerak degan savol shu jarayonda yechilib ketadi: men sotsial bir yaratiqman; ishlashim kerak, ishlashim uchun kasbim bo‘lishi kerak, kasbimni mukammal egallashim uchun o‘qishim kerak, o‘qishim uchun qunt va sabr kerak, ota-onamning puli kerak, yaxshi tanishlar orttirishim kerak, ishchan va g‘ayratli bo‘lishim kerak, boshliqni xafa qilmasligim kerak, odamlar bilan kelishmog‘im kerak, chiroyli kiyinishim lozim, qomatim joyida bo‘lsin, semirib ketmayin, aqlli ko‘rinay, gapdon bo‘lay, o‘z statusimni kashf qilishim kerak, dushman orttirishim mumkin emas!
Yana qo‘shimcha qilsak: tuzalmas kasalga chalinib qolmay, obro‘yim to‘kilmasin.
Nima uchun yashayapsan degan savol bu zichlik ichida g‘oyib bo‘ladi, chunki jarayon shu qadar tezki, bir on to‘xtab fikr yuritishga imkon yo‘q: tezroq bo‘l, yugur, kechikma, pul top, nishonla, bayram qil, kiyim ol, maktabga bor, prava ol, o‘qishga tayyorlan, o‘qi, yodla, imtihon topshir, kurs ishi yoz!.. va hokazo.
Agar bu ishlarning birortasida kechiksang, adoyi tamom bo‘lasan: sen jamiyatning eng qoloq vakiliga aylanasan: seni hech kim eslamaydi, davralarga chaqirmaydi, hurmat qilmaydi, instagramda kontentingga hech kim qiziqmaydi.
Ustiga-ustak, kecha tuxumdan chiqqan bir qarich jo‘jaxo‘roz voizlarning qichqirib, ovozi tinmaydi: soft skill qozon; o‘z ustingda ishla; chet el universitetiga grant yut; ko‘p kitob o‘qi; maqsadingni aniq belgila; o‘z o‘rningni topguncha har qayoqqa qarab sakra! – bu ishlarning hammasini men qilganman, mana, mendan o‘rnak ol! (aslida, itdan battar dangasaman, cho‘chqadan battar isqirtman, aytayotgan narsam – mening spektakldagi obrazim)
Shunday qilib, hammaning ko‘zi virtual olamga tikilgan, ovqat yeyish, kiyinish, ishlash va xojat qilish uchun undan uzilish mumkin, lekin shu onlarda ham virtual olamdan uzilib bo‘lmayapti:
“Jamiyat siyosiy uyg‘onishi kerak! Siyosiy faol bo‘laylik! Mana, Jon Lokk... Mana, Montsekyu... Mana, kuchsizlar kuchi... Bu jamiyat tafakkurining kristallashgan shakli... Siyosiy tavtalogiya hamda nepotizim... Demokratik tamoyillar va liberal qarashlar bilan haddan tashqari konservativ yondashuv orasini ajratish kerak...”
“Siz ajdodlaringiz qilgan gunohlar kasofatiga qolgansiz... Sizlarni men davolayman... Bolalik travmalaridan qutuling... Hammani kechiring... Bitta qog‘ozga hamma gunohlaringizni yozing..."
“Ayollarga erlari zulm qilishadi... O‘zingizga vaqt ajrating... Siz ayolsiz, shuni unutmang...”
“Asosiy masala – intim hayot... Bizda undan uyalishadi... Uyalmaslik kerak, axir, bu hayot...”
“Jamiyat erkin fikrlashi kerak... Fikrlashga to‘siq qo‘yadiganlarni aspalt qiladigan traktorda ezib tashlash kerak... Qirq millionli biomassa ijodni tushunmaydi... San’at san’at uchun... Rasm ko‘riladi, musiqa eshitiladi, she’r o‘qiladi...”
Albatta, bu kabi iqtiboslar ham virtual olamni to‘ldirgan shovqinlarning hammasini qamrab olish imkonsiz, chunki tuturiqsiz vaynlar, egasidek bemaza ashulalar hamda so‘zga ko‘chirib yozish qiyin bo‘lgan javrashlar borki, ularni hatto tasniflashdan ma’ni ko‘rinmaydi, lekin bu narsalarning hammasi bugungi kunda deyarli hamma odamlarning miyasida g‘ordagi aks-sadodek aylanishib yuribdi.
Qop-qorong‘u changalzor. Tun. Daraxtlarning tanalari, bir-biriga chirmashgan butalar, botqoqlar, chirillagan, xirillagan ovozlar eshitiladi. Osmondagi oyning nuri quyuq shoxlar orasidan bazo‘r o‘tib o‘rmon sathiga tushadi.
Shu paytda birdan tap etgan ovoz eshitiladi: yerga qayerdandir, shunchaki, yo‘qlikdan bitta miya va bitta yurak bir-biriga ulangan holda yaxlit tana o‘laroq tushadi. Birdan atrof guvillaydi: daraxt va butalar orasidan sanab bo‘lmas darajada ko‘p shoqollar, chiyabo‘ri, tulki va boshqa yirtqichlar otilib chiqadi. Ularning hammasi miya va yurakni o‘ziga o‘lja qilmoqchi.
Miya o‘rnida turadi, usti-boshini qoqadi. Yurak bir maromda urmoqda. Bu ikkisi hali bu yirtqichlarni tanimaydi, shu sababli qo‘rqmaydi. Hammaga hayron qaraydi, hammasi qiziq ko‘rinadi. Orada xar xil ilonlar ham bor: kapcha ilon, ko‘lvor ilon, sariq ilon, qora ilon, o‘qilon...
Ajabo, hech biri miya va yurakka hujum qila olmaydi, sababi miya va yurak bu hayvonlardan qaysi biriga mayl qilsa, o‘shanga o‘lja bo‘larkan, shundan kelib chiqib, hamma vahshiylar o‘zining hunarlarini ko‘rsatadi: hammasi miya va yurakni o‘ziga ergashtirib ketsa...
Bu manzaraning ma’nosini hurmatli kitobxon tushungan bo‘lsa kerak: miya va yurak bugungi kunning bolasi; qop-qora o‘rmon – virtual olam; yirtqichlar – virtual olamning sehrgarlari.
Yosh qalb qaysi yirtqichga asir tushmasin, unda biror haqiqatni tubdan kashf etishga imkon bo‘lmasligi mumkin.
Nega yashayapman? Qanday yashashim kerak? Halovat nima? Inson kim? Insoniylik nima? Adolat qayerda? Haqiqat nima?..
Bu kabi savollar ochiq qoladi. Ertaga ulg‘ayib, miyasi qotgan yigit yoki qiz keyin faqat tananing qayg‘usida qoladi.
U hali yosh ekan, uning ruhi hali qorayib ketmagan ekan, uning qalbi hali kasallanmagan ekan, nafsi hali uni zanjirlab olmagan ekan, hammasini anglashi kerak. Ozod odam bo‘lib qolishi kerak. Ozod odam bo‘lish uchun olam, hayot va odam haqidagi hamma gaplarni tizimli o‘rganib chiqishga majbur.
Qiziq, odamzod bu aytilgan vaziyatga hozir kelib tushdimi? Tarixda qanday edi? Tadrij qanday kechdi?..
Akrom MALIK