Ikki narsa borki, olamda, ey doʻst,
Ikki narsa borki, olamda, ey doʻst,
Aql-u hushing olib sarmast aylagay.
Nafsingga har ishin koʻrsatib durust,
Shaytonga hamtovoq, hamdast aylagay.
Birining nomidir – mol-dunyo, boylik,
Yana biri emish mansab-martaba.
Ikkisin bagʻrida inson toyilib,
Yiqilmoq xavfida boʻlgay, albatta.
Yo pisand qilmagay bechoralarni,
Yoki zulm qilgay behad, beparvo.
Mazaxlab, azoblab ovoralarni,
Yana ishratida aylagay davom.
Chunki mast odamning boʻlmagay aqli,
Koʻzi koʻr, quloq kar, qalbi oʻlikdir.
Majnun kabi yangrab har bitta naqli,
Ishi yigʻlagulik va kulgulikdir.
Haq soʻzni qilmagay qabul hech qachon,
Tegrasida qolmas haq ahli ham hech.
Kecha-yu kunduzi kasbidir isyon,
Gʻaflatga choʻkkaydir tong, shom, erta, kech.
Hasad sirtmogʻida boʻgʻilgay boʻyni,
Ochkoʻzlik zahriga tanasi toʻlgay.
Fitnadan iborat har bir oʻyini,
Riyo uning uchun ibodat boʻlgay.
Shu qadar jahlga botgay, shu qadar –
Qattol-u, battol-u, kazzob-u habis;
Koʻziga razolat koʻrinmas xatar,
Balki tubanlikni tutgaydir anis.
Qatl-u chirkinlikka toʻlgay-u, ammo
Zohiri gul kabi goʻzaldan goʻzal.
Birovning boshiga solmasa balo,
Uning-chun yaxshi ish shuldir mukammal.
Mansab-u mol-dunyo mastligi – ofat,
Mahol bu ofatdan qolmoqlik salim.
Basharti, ko'rsatib rahmat-u shafqat,
Xudo qutqarmasa, qutqarmas hech kim!
Akrom MALIK